Har safar katta shaharga borganimda istirohat bog`larni aylansam
chekka chekka o`rindiqlarda jipslashib o`tirib noma`qulchilik qilayotgan yigit
qizlarni ko`rib xayron bo`laman. Oila a`zolarim bilan bo`lsa ularni chalg`itib
olib o`tib ketishga harakat qilaman. Bu yigit qizlarning qilib o`tirgan ishiga
bir ajablansam, undan ham ko`ra ular yonidan hech nima ko`rmagandek o`tib
ketayotgan yoshi katta odamlarni ko`rib battar taajjublanaman. Nahotki, ularga,
“tur o`rningdan, senlarni ota onang o`qiyapti deb yuribdi, senlar nima
qilyapsan bu yerda”, deydigan odam yo`q bo`lsa, rahmatli Hojiboy aytgandek…
Tumanimiz markazida bozorning yonida stadion oldidaman. Kimnidir
kutmoqdaman. Bu stadionga odatda yoshlar futbol maktabi tarbiyalanuvchilari
mashg`ulot o`tkazadilar. Tumanga kattaroq san`atkorlar kelishganda bayramlar
shu joyda o`tadi. Boshqa vaqt esa tabiiyki, bo`sh turadigan joy. Stadiondagi hojatxonaga
odamlarni qo`yadigan va bu joyni supurib
turadigan qorovul bir ayol bor. Bozor kuni bo`lgani uchun stadion darvozasi
oldi juda gavjum, xaridoru sotuvchilar shu joylardagi rastalar oldida tinimsiz harakatda.
Tabiiyki, stadionga ham bugun kiruvchilar soni ko`paygan. Bir vaqt stadiondan
bir qiz chiqib keldi. Rosa bo`yangan, sochlari ham allaqanday eshilgan, xullas,
oliftagina qiz. Chiqdiyu, o`z yo`nalishi bo`ylab jadalladi. Xayolimga kelgan
fikr, tavba bo`yoqni qizilini shunchalar
chaplashi shartmikan, qizarganini qarang, deb o`ylab turgan ham edimki, uning
orqasidan bir yigit va o`sha qorovul
ayol chiqib keldi. Bola boshqa tomonga ketdi, ayol esa baqir-chaqir qilib
qarg`ay ketdi: -E turqung qursin qiz bo`lmay, basharang tuppa tuzuk, unaqang bundoq, kamiga kuppa-kunduzi qilib
yurgan ishingni qara beting ko`chgur… (xullas, qarg`ishlar “guldastasi”
armug`on qilindi). Shu joylardagi sotuvchi yigitlar qiziqib voqeaga aralashib, “tinchlikmi”,
deya so`rashdi. “Anuv … beting ko`chgur stadiondi skameykasida o`tirvolib,
og`iz-burun o`pishyapti bitta bola bilan, uyalmaganini qara bularni kuppa
kunduzi…”
Qiz va bola rosa ayoldan “tegishi”ni
olib bo`lgani ko`rinib turibdi, toki tashqariga chiqqunlaricha. Hartugul,
ayolni ancha vaqtgacha javrashidan, atrofdagilarning uni ma`qullab bildirgan
fikrlaridan va nihoyat, ikkovi hech qayoqqa qaramasdan jadallagancha ketib
yuborganidan buni bilish qiyin emasdi.
Shaharda, istirohat bo`g`larida ko`rgan holatlarim ko`z oldimga keldi.
Shahar so`zi madina so`ziga ma’nodosh, madaniyat shaharlardan qishloqlarga
keladi, deyishadi, shuni esladimu qo`rqib ketdim. Nahotki katta shahardagi
yaxshi yangiliklar bilan birga mana bunday illatlar ham do`ppidekkina
tumanimizga kirib kela boshladi, nahotki
erta-indin oilamni, farzandlarimni aylantirgani tuman markaziga olib
yurgan paytim istirohat bog`ida bir to`da betarbiyalarni ko`rsatmaslik uchun
boshqa yo`lkadan olib yurishim kerak?! Yo`q! Bizga bu kabi yaramasliklar kirib
kelinishiga yo`l qo`ymaymiz, bizda har bir odam har bir yoshni notanish
bo`lsa-da yomon yo`ldan qaytarib, yaxshi yo`lga boshlaydi, bu kabi ishlardan
qaytaruvchi insonlar ko`p hali bizda, bu kabi ishlardan qaytaruvchi, dakki
beruvchi hojatxona supuruvchilar, qorovullar omon bo`lsa bu kabi axloqsizliklar
avj olishiga yol qo`yilmaydi!
Комментариев нет:
Отправить комментарий