вторник, 23 февраля 2016 г.

Qorovul

Har safar katta shaharga borganimda istirohat bog`larni aylansam chekka chekka o`rindiqlarda jipslashib o`tirib noma`qulchilik qilayotgan yigit qizlarni ko`rib xayron bo`laman. Oila a`zolarim bilan bo`lsa ularni chalg`itib olib o`tib ketishga harakat qilaman. Bu yigit qizlarning qilib o`tirgan ishiga bir ajablansam, undan ham ko`ra ular yonidan hech nima ko`rmagandek o`tib ketayotgan yoshi katta odamlarni ko`rib battar taajjublanaman. Nahotki, ularga, “tur o`rningdan, senlarni ota onang o`qiyapti deb yuribdi, senlar nima qilyapsan bu yerda”, deydigan odam yo`q bo`lsa, rahmatli Hojiboy aytgandek…

Tumanimiz markazida bozorning yonida stadion oldidaman. Kimnidir kutmoqdaman. Bu stadionga odatda yoshlar futbol maktabi tarbiyalanuvchilari mashg`ulot o`tkazadilar. Tumanga kattaroq san`atkorlar kelishganda bayramlar shu joyda o`tadi. Boshqa vaqt esa tabiiyki, bo`sh turadigan joy. Stadiondagi hojatxonaga odamlarni  qo`yadigan va bu joyni supurib turadigan qorovul bir ayol bor. Bozor kuni bo`lgani uchun stadion darvozasi oldi juda gavjum, xaridoru sotuvchilar shu joylardagi rastalar oldida tinimsiz harakatda. Tabiiyki, stadionga ham bugun kiruvchilar soni ko`paygan. Bir vaqt stadiondan bir qiz chiqib keldi. Rosa bo`yangan, sochlari ham allaqanday eshilgan, xullas, oliftagina qiz. Chiqdiyu, o`z yo`nalishi bo`ylab jadalladi. Xayolimga kelgan fikr, tavba  bo`yoqni qizilini shunchalar chaplashi shartmikan, qizarganini qarang, deb o`ylab turgan ham edimki, uning orqasidan bir yigit  va o`sha qorovul ayol chiqib keldi. Bola boshqa tomonga ketdi, ayol esa baqir-chaqir qilib qarg`ay ketdi: -E turqung qursin qiz bo`lmay, basharang tuppa tuzuk,  unaqang bundoq, kamiga kuppa-kunduzi qilib yurgan ishingni qara beting ko`chgur… (xullas, qarg`ishlar “guldastasi” armug`on qilindi). Shu joylardagi sotuvchi yigitlar qiziqib voqeaga aralashib, “tinchlikmi”, deya so`rashdi. “Anuv … beting ko`chgur stadiondi skameykasida o`tirvolib, og`iz-burun o`pishyapti bitta bola bilan, uyalmaganini qara bularni kuppa kunduzi…”
Qiz va bola rosa ayoldan “tegishi”ni olib bo`lgani ko`rinib turibdi, toki tashqariga chiqqunlaricha. Hartugul, ayolni ancha vaqtgacha javrashidan, atrofdagilarning uni ma`qullab bildirgan fikrlaridan va nihoyat, ikkovi hech qayoqqa qaramasdan jadallagancha ketib yuborganidan buni bilish qiyin emasdi.
Shaharda, istirohat bo`g`larida ko`rgan holatlarim ko`z oldimga keldi. Shahar so`zi madina so`ziga ma’nodosh, madaniyat shaharlardan qishloqlarga keladi, deyishadi, shuni esladimu qo`rqib ketdim. Nahotki katta shahardagi yaxshi yangiliklar bilan birga mana bunday illatlar ham do`ppidekkina tumanimizga kirib kela boshladi, nahotki  erta-indin oilamni, farzandlarimni aylantirgani tuman markaziga olib yurgan paytim istirohat bog`ida bir to`da betarbiyalarni ko`rsatmaslik uchun boshqa yo`lkadan olib yurishim kerak?! Yo`q! Bizga bu kabi yaramasliklar kirib kelinishiga yo`l qo`ymaymiz, bizda har bir odam har bir yoshni notanish bo`lsa-da yomon yo`ldan qaytarib, yaxshi yo`lga boshlaydi, bu kabi ishlardan qaytaruvchi insonlar ko`p hali bizda, bu kabi ishlardan qaytaruvchi, dakki beruvchi hojatxona supuruvchilar, qorovullar omon bo`lsa bu kabi axloqsizliklar avj olishiga yol qo`yilmaydi!

Комментариев нет:

Отправить комментарий