вторник, 19 января 2016 г.

Aniq savol, konkret javob

16-yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi vaziri Ulug`bek Inoyatov bilan vazirlik saytida online muloqot tashkil etildi. Bugun shu muloqot haqida fikrlarimni o`rtoqlashmoqchiman.
Bu muloqotni kun.uz saytida bir soat oldin o`qidim, yaxshiyam bir soat kech eshitmaganim.
Muloqot soat 10:00 dan 12:00 gacha qilib belgilandi.
Soat 10:03 da vazirlik saytining forum bo`limida “Vazirimiz siz bilan suhbatga tayyor” degan moderator e`loni chiqdi. Vazirga savol yoki taklifni forumning o`zida yoki e-mail orqali berish mumkinligi ko`rsatilgan edi. Afsuski, o`sha vaqtda forumga a`zolik parolim esimga tushmadi (bu, mazkur saytga “ko`p” tashrif buyurganim sharofati :). Shundan song e-mailim orqali taklifimni yuborishga kirishdim.
Taklifimni ancha oldin my.gov.uz portali orqali xalq ta`limi vazirligiga yuborgan va bu haqda blogpost yozgan edim…
 e-mailimdan taklifni yubordim:
“Assalomu alaykum hurmatli vazir janoblari.
Men O`zbekiston tumanidan murojaat qilmoqdaman. 2 ta savolim bor edi. 1)”Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi” ko`rik-tanlovi shartida pedagogning bilim saviyasini tekshiruvchi birorta ham shart yo`q. uning o`rniga video tasvirga tushirib yasama dars tayyorlash buyurilgan. Bu o`qituvchilarga moddiy va ma`naviy qiyinchilik tug`dirmoqda. Shuning o`rniga yuqoridagi kabi test yoki yozma ish qo`yilsa bo`lmaydimi?
2) 9-sinflar fan olimpiadasini Bilimlar Bellashuviga qo`shib Respublika bosqichiniyam o`tkazilsa, bilim sifatiga yaxshi ta`sir ko`rsatardi, shu masalaga nima deysiz? ”
Yozganlarim aslida taklif edi, men shaxsan vazirning ushbu taklifga o`z fikrini bilish maqsadida savol ko`rinishda bergan edim.
E-maildan jo`natgach, 15 minut kutdim, forumga qo`yilmadi. Shundan so`ng e-maildan qayta yubordim. Soat esa 11 dan o`tmoqda. Shundan so`ng vazir kabinetidagi e-mailga javobgar shaxs umrida buncha ko`p sms olmaganidan gangib qoldiyov deya, noiloj saytning forumidan yozish uchun qayta registratsiyadan o`tishga tushdim, sayt esa aksiga olib rosa qotib ishladi, ishni yakunlagach, 3 marta qayta jonatib soat 11-38 da savolim forumga chiqishiga erishdim hamda javobini kuta boshadim…
 Navbat yetgach, mening taklifimga my.gov.uz da qanday javob berishgan bo`lsa, o`sha mazmunda ishchi guruh takliflarni yig`moqda, sizning taklifingiz ham inobatga olinadi, degan umumiy javob oldim. Bu javobni kim aytganini taxmin qilib qo`yaqoldim…
Online muloqotda 1-marta qatnashdim, forumda va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ta`kidlashlaricha O`zbekistonda shaxsan vazirning o`zi online muloqot tashkil qilishi ham birinchisi ekan, buning uchun vazirimizga shaxsan minnatdorchilik bildirish lozim!

Ushbu muloqotda berigan savollar va javoblarni o`qib, ko`plab bilmagan narsalarimga javob oldim. Suhbat juda demokratik ruhda o`tganligi tahsinga loyiq, buni u yerda berilgan savollardan ko`rish mumkin edi. Masalan, quyidagi savollar mening e`tiborimni tortdi:
Sharifa opa savoli, 1-sinf o`quvchilari bir sinfda nechta bo`lishi kerak? Qaror bo`yicha 35 tagacha borishi mumkinligi ta`kidlandi. 1-sinfda 35 ta oquvchi, menimcha, juda ham ko`p. Lekin ba`zi maktablarda bundan ham ko`p bo`lganligini ko`rdik. Boshlang`ich sinf o`qituvhisiga sabr tilayman.
E-mail orqali kelgan bir savolda maktab direktorlari tomonidan tanish-bilishlarini ishga qabul qilish, attestatlarni sotish, poraxo`rlik avjiga chiqqani va bunga qarshi vazirlik nima qilayotganligi so`raldi. Savol egasiga qayerga qanday murojaat qilish kerakligi to`g`risida tushuntirish berishdi.
“Muhabbat1983”: matematika darsliklari umuman talabga javob bermaydi, sifatli qog`ozga kim javob beradi, byudjetning, biz ota onalarning puli kuyyapti? Bunga darsliklar bosqichma bosqich tanlov asosida qayta tuzilganini, ular DTSga javob berihini takidlashdi, xullas borimiz shu, degan javob olgandek bo`ldim.
Maktablarda har yilgi metallolom yig`ish an’anasi haqida e-maildan savol yuborishdi. Mana bu savol judayam dolzarb edi, buni “ko`rmabmiz” deb bahona qilmay, forumga qo`yganliklarini olqishladim. Xullas, shaxsan vazirimiz vazirlik nizomi va “Bola huquqlari to`g`risida”gi xalqaro Konvensiyaga ko`ra o`quvchilar vazifasi faqatgina o`qish, metallolom yig`ish emasligini isbotlab berdilar. Qiziq, ko`pchilik maktab o`quvchilarining metallolom yig`ishiga shu darajada o`rganib ketishganki, ushbu javob, menimcha, yangilik bo`ldi o`sha ko`pchilikkka))
“Maksim Nikolayevich” nikli foydalanuvchi online muloqotga xuddi yonida birorta o`rtog`i bilan chatda gaplashgandek kirishib ketdi. Juda ko`plab savollar berdi, bir martasida, barcha savollarga shaxsan o`ziz javob beryapsizmi, degan murojaatiga vazirimiz to`g`risini aytdiyam-da, “barcha savollarga butun jamoam bilan birgalikda o`tirib javob beryapmiz”, dedi. To`g`ri-da, yuzlab savollarga, ayniqsa, javob berish uchun aniq faktlar talab qilinuvchi tomdan tarasha tushgandek turli xil savollarga butun jamoa oyoqqa turishi tabiiy, haqiqatan ham bir kishi ulgurmasligi tayin. Shundan keyin anavi Maksim deganlari nima deydi deng, “unda saytda noto`g`ri yozishibdide, “Xalq ta`lim vaziri butun jamoasi bilan!” deb o`zgartirib qo`yishsin”, deydi, juda bunaqa emas-da endi, sinfdoshing bilan gaplashib o`tirganing yo`qku, davlat ahamiyatidagi mansabdor bilan davlat ahamiyatidagi masalalar forumidasan! Forum ishtirokchisi madaniyatini ko`rib xijolat bo`lib ketdim.
Online muloqotni ko`chilik kuzatib savol javoblar qizib turganda, biz ham quruq qolmaylik, qabilida ilmoqli savollari bilan “Ozodlik” sayti ham ishtirok etdi. Senlar kam eding, tinchgina o`tirovdik, dedim. Dastlab o`qituvchilarga qo`g`ozbozlik ko`payib ketganligi haqida savol berdi, javob sifatida 2010-yillardagi 18 ta turli daftarlar qisqartirilib, bugungi kunda o`quv-tarbiya jarayoniga taalluqli bo`lgan 6 ta hujjat: yillik ish reja, tarbiyaviy ish reja (faqat sinf rahbari qiladi), taqvim-mavzu reja, dars ishlanmasi (konspekt), dars kuzatish daftari, sinf jurnalini yuritishi belgilangan xolos, deya olishdi. Bu ma`lumot ham men uchun yaxshi ma`lumot bo`ldi, chunki afsuski hozirgi kunda direktor va O`IBDO` (zavuch)larga ushbu ma`lumotlar yetib kelmagan ko`rinadi.
Keying savol esa juda ko`pirtirilganligi ko`rinib qoldi, maktablarda boyning bolasi va kambag`alning bolasiligiga qarab o`qituvchilar muomala qiladi, bunga qanday chora ko`rilyapti emish. Vazir har bir so`zdan ilmoq kutib turgan savol egalariga, atroflicha tushuntirib qo`ydi.
 Ba`zi savol egalarining so`zlaridan, to`grisi, mening ham ensam qotdi, Vazirimizga sabr bersine, bir opamiz Vazirdan audioertak so`rab qolsa boladimi, “qayerdan topay”, deb. Hoy yaxshilar, sizlar “spravochniy byuro”ga yoki “internet qiroli”ga murojaat qilayotganlaring yo`q, yelkasida butun O`zbekiston xalq ta`limini ko`tarib turgan VAZIR (Ministr!)ga savol beryapsiz, endi sal insof bilan-da, yana bir akamiz (hamkasb ham ekanmiz, matematik-informatik) ham rosa bopladilar. Xullas, “kompyuter xonaga qaraganim uchun 0,5 stavka ustama pul kimga beriladi”, deb savol berdilar. “Falon qarorga ko`ra sizga yozib berishlari mumkin”, degan javobni olgach, birpas turib nima deydi, “men unda kimga aytay yozib beringlar, deb, direktorgami?”- desa bo`ladimi. “Maktab qorovuliga” degani odam yo`q )).
Muloqot 2 Soatga mo`ljallangani, ammo vaqt tugash arafasida savollar ko`pligini ko`rib yana bir soat qo`shilgani foydalanuvchilarning minnatdor bo`lishiga sabab bo`ldi.
Muloqot tugagach, baribir ba`zi savollarga javob berilmay qolganligini ko`rdim. Balki ularga shaxsiy xabarlar orqali javob berishgandir, chunki xayrlashuv chog`ida shu kabi so`zlar bilan xayrlashdi U.Inoyatov.
Lekin qolib ketgan savollar ham javobi meni qiziqtirardi. Mana ulardan biri, “Adiba” nikli foydalanuvchi quyidagicha savoli javobsiz qoldi: Ta`limda o`z sohasiga qiziqmagan pedagoglar faoliyat yurityapti, bu esa ta`lim sifati pasayishiga olib kelmoqda. Ushbu muammo yechimi bo`yicha Vazirlikda qanday ishlar qilinmoqda?:
 Mana bu savol javobi esa aynan menga juda zarur edi, chunki maktab internatimizda Respublika Bilimlar bellashuvi g`oliblari bo`lib, ular oylik badal pulini to`lab yurishibdi, afsuski bu savol ham e`tiborsiz qoldirildi… :
Savol: Xalqaro va Respublika tanlovlarining g`oliblari badal to`lovlaridan qaysi oydan boshlab ozod etiladi, o`quvchi aprel oyida g`oliblikni qo`lga kiritgan bo`lsa-chi?
Xulosa qilib aytmoqchimanki, bizning vazirimiz boshqa yuqori lavozimdagi hamkasblariga o`rnak bo`luvchi ulkan ish boshladi, demokratik davlat qurayotgan ayni davrimizda mana shunday to`g`ridan to`g`ri muloqotning ahamiyati katta, yuqori mansabdagi kishilarni oddiy kundalik hayotni real ko`rishiga to`sqinliksiz, filtrsiz imkon yaratib beradi. Eng asosiysi, odamlarni yuqori mansabdor kishi haqida mehrini kuchayishiga, huquqiy bilim ko`nikmasi oshishiga olib keladi.
  Yana bir taklifim shuki, texnologoya rivojlangani sari onlayn muloqot osonlasha boradi, kelgusi muloqotlarni Skayp va shunga oxshash videomunozara tarzida o`tkazilsa yanada yaxshi bo`ladi.

 Rahmat sizga Ulug`bek Ilyasovich Inoyatov!