четверг, 26 ноября 2015 г.

“Yil o`qituvchisi” ko`rik-tanlovi haqida fikrlarim

Maktab o`qituvchilari o`rtasida o`tkaziladigan “Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi” k`orik tanlovi odatda “Yil o`qituvchisi” nomi ostida har yili hamma fanlar boyicha o`tkazilib borilar edi. 4 yildan buyon esa bu tanlov fanlarni ikki guruhga  bo`lgan xolda (aniq va ijtimoiy yo`nalishlar) navbatma navbat yil ora o`tkazilish yo`lga qo`yildi.
Bu qaror har bir fan golibligi qadrini yanada qimmatli qildi desa bo`ladi.
Men ushbu tanlovning shartlari xaqida fikrimni o`rtoqlashishni lozim topdim.
Ta`lim tizimida keng islohotlar ro`y berayotganini ko`rmoqdamiz. Uzluksiz ta`limning joriy etilishi ulkan islohot samarasi deyish mumkin. Ushbu ta`lim tizimida hal qiluvchi kuch, bu o`qituvchilardir.
Zamonaviy o`qituvchi, ideal o`qituvchining namunaviy sifatlari, ko`rinishi targ`ib qilinmoqda.
O`qituvchilarni bir biri bilan taqqoslash yoki ilg`or o`qituvchini taqdirlab, uning ish tajribasini boshqalarga namuna sifatida ko`rsatishni maqsad qilgan ushbu “Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi” ko`rik tanlovi nizomlari bilan tanishsangiz, baholash nizomlari hali bir namunali shaklga tushmaganlgiga guvoh bo`lasiz.
Men o`tgan o`quv yili (2014-2015 o`.y.) ushbu tanlovda qatnashib, uning nizomlari juda ko`p o`zgartirishlar kiritilishi zarurligiga ishonch xosil qildim. Tanlov ishtirokchilari bilan o`tkazilgan suhbatlarda ham bunga amin bo`ldim.
O`tkazilgan tanlov nizomlari quyidagicha edi:
Ishtirokchi o`z maktabining ixtiyoriy sinfida videotasmaga 15 minutlik namunaviy (!) dars o`tishi kerak.
Ushbu shart xaqida fikrlarim:
45 minutlik darsni harchand urinsangiz ham 15 minutga sig`dirish katta muammo.
Ushbu 15 minut ichida salomlashishdan tortib, darsda har bir beradigan yangiliklarizu uy vazifa berib, xayrlashishizga qadar sig`dirishingiz uchun sizga bitta professional video-operator, bir-ikki yordamchi maslahatchi-hamkasbingiz har bir minutini hisob kitob qilib borishi kerak bo`ladi.
Siz esa (oddiy o`qituvchisiz) kino aktyordek, har bir gapingizni kamera qarshiida o`ylab gapirib, kamerachining “stop, boshqatdan” so`zidan keyin hozir tushuntirgan mavzungizni yana boshqatdan ifodali gapirishga majbur bo`lasiz, bu urinishda asablaringiz shunchalar taranglashadiki, beixtiyor aktyor zotiga rahmingiz kelib ketadi.
Unutmang, siz kamera qarshisida ozingiz emassiz, 30 ta o`quvchi sizga ko`z tikib, xuddi sizdek zerikib o`tiribdi…
15 minutlik dars uchun 2-3 soatlab ovora bo`lib kadr tayyorlagach esa siz(lar)ni montaj ham kutib turibdi…
Bu masalaning texnik tomoni bo`lsa edi mo`liyaviy tarafini aytib o`tsam. Bizda, o`tgan yili mana shu 15 minutlik syomka uchun oddiy operatorlar 100-120 mingdan xizmat xaqi olishdi, bu esa oqituvchining cho`ntagiga anchagina yuk tushmoqda.
A.K.T (Axborot kommunikatsiya texnologiyalari). Kompyuterda dars ishlanma va slayd yaratish.
A.K.Tdan foydalanishar bir o`qituvchi bilishi talab qilinishi o`rinli. Zamonaviy o`qituvchi A.K.T.ni biluvchi o`z o`quvchilaridan ko`ra yaxshi bilishi uning yutug`i. lekin hali kompyuter texnikasidan foydalanishga uquvi yo`q o`rta va katta yo`shli o`qituvchilarimiz ham bor, bunga turli sabablar bo`lishi mumkin, balki moddiy imkoniyat, balki harchand urinsa ham o`rgana olmaganligi… lekin shu o`qituvchilar orasida o`z kasbining yuksak ustalari ham borki, ular butun umr kompyuterda dars ishanma yozmagan taqdirda ham o`sha mavzuni o`quvchilarga tushuntirish uslublari orqali yuzlab o`qituvchilarga o`rnak bo`la oladi…
Talim jarayoniga qo`shadigan hissasi haqida 7 minutlik prezentatsiya tayyorlab borish va uni hakamlarga so`zlab berish.
Bunda o`qituvchi hohlagan dasturda taqdimot tayyorlashi talab etiladi.
Ushbu shartda ham o`qituvchining AKT texnologiyasi yuksak darajada kuchliligi birinchi o`ringa chiqadi va biz yuqorida aytib o`tgan ba`zi tajribali o`qituvchilarga ancha qiyinchilik tug`diradi, ular oldida ikkita yo`l bor,  u ham bo`lsa bu taqdimotni boshqa birovlarga tayyorlatib, hakamlar oldiga olib borish  yoki umuman tanlovga qatnashmay qo`ya qolish…
Avvalgi uch shartdan yuqori ball olgan o`qituvchi nixoyat  o`qituvchi uchun notanish bo`lgan  sinfda dars o`tishga ruxsat beriladi va hakamlar tomonidan darsi tahlil qilinadi.
Ko`rib turibsizki, o`qituvchining pedagogik mahoratiga baho beruvchi eng asosiy element xisoblanuvchi dars o`tish uslubini namoyish qilish sharti taasufki, eng oxirgi shart sifatida qaralmoqda…
Bu shartga yetib kelolmagan tajribali, kasbiy faoliyati davomida minglab shogirdlarni yetishtirgan, fan olimpiadalarida shogirdlari sharafli o`rinlarni egallagan o`qituvchi kamera qarshisida artistlik qila olmadi, u butun umr dars ishlanmani qo`lda yozgan, bundan keyin ham qo`lda yozadi, unga kompyuterni oldida o`tirgizib o`rgatmoqchi bo`lsangiz ko`zi tinadi, xullas u avvalgi bosqichlardan o`ta olmadi, “darsga qo`yilmadi”…
Taqdimot tugul dars ishlanmani “Microsoft Word”da yozishga ham unamaydigan 20-25 yillik pedagogik tajribaga ega ustoz Oliy o`quv yurtini bitirib kelganiga 3 yil bo`lgan, kompyuterda ishlashni biluvchi, ammo o`z fanini puxt bilmaydigan tajribasiz o`qituvchidan faqatgina “YIlning eng yaxshi kompyuter bilimdoni” tanlovida ortda qolsa adolatli bo`ladi, “Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi”da emas”!
Pedagoglar ichidan eng bilimli, ilg`orlarining dars otish uslublarini, tajribalarini boshqalarga ommalashtirish maqsad ekan, ushbu tanlov Nizomiga bir qancha o`zgartirishlar kiritish kerak
Men quyida o`z  takliflarimni berib o`tmoqchiman:
Birinchidan, tanlovning dastlabki sharti sifatida pedagoglarga o`z fanlari yuzasidan testlar, yozma ishlar, insho vahakazolar berib sinov o`tkazish darkor.
E`tibor bergan bo`lsangiz, hozirgi Nizomda o`z fanidan o`qituvchining bilimini tekshiradigan hech qanday shart yo`q. o`z fanidan yaxshi bilimga ega bo`lmagan o`qituvchi qanday qilb eng yaxshi o`qituvchi bo`lishi mumkin, qiziq.
Ikkinchi shart sifatidayoq birinchi shartdan yuqori ball olib saralangan o`qituvchilar biror bir sinfda dars o`tish ga ruxsat berilishi lozim. Mana shu dars o`tish uslubi o`qituvchining qanday malakaga ega ekanligini ko`rsatib bera oladi.
Eng asosiy shart sifatida men shu shartlarni ko`rdim. Agar yana shartlar lozim bo`lsa, unda avvalgi bosqichlarda eng yuqori ball to`plagan g`oliblikka da`vogarlar o`rtasida dars ishlanmani yozish sharti qo`yisa maqsadga muvofiq. Albatta, dars ishlanma yozishni ham san`at darajasiga olib chiqqan mohir pedagoglar ham bor. Lekin bunda ushbu dars ishlanma yozishga qat`iy talab qoyaslik lozim, qo`lda yoki kompyuterda yozish borasida…

Tanlov shartlari qanchalar puxta o`ylab tuzilgan bo`lsa, unda qatnashshni istab, g`oliblikni da`vo qiluvchilar ham shunchalar qiziqish bilan qaraydi, aks xolda rahbariyatning buyrug`i tufayli nomiga qatnashib qo`yish bilan cheklanishadi…

Комментариев нет:

Отправить комментарий