понедельник, 7 декабря 2015 г.

“Nizom bo`yicha ish tutilsin”

Qozilik qiyin ish…
Qozilik qilishni yoqtirmayman.
Lekin Ravshan  Ermatov ham xuddi men kabi qozilik qilmayman, deganda dunyo bunchalar adolatli futbol qozisini ko`rmasmidi…
Shunday kunlar bo`ladiki, siz istaysizmi yo`qmi, o`ziz istamagan ishni qilishga majbur bo`lib qolasiz.
Tabiatan, dadamlarning uqtirganlari bo`yicha menda qozilik ishi murakkabligi, istaysizmi yo`qmi hech yo`q men xaqqoniy qaror qildim, deb o`ylab turganizda ham, bilmagan xolizda zarra misqol bo`lsa ham kimnidir manfaatini buzib qo`yishingiz mumkinligi miyamga singigan va shu tarbiya tufayli men birovlarning xayotiga aloqador qaror chiqarishdan qochaman.
Qozilik qilishni yomon ko`raman…
O`ylab ko`rsam kasbim yuzasidan  men o`zim qochib yurgan aynan qozilik bilan shug`ullanib yurgan ekanman…
O`tgan yili fanlar olimpiadasining viloyat bosqichiga informatika fanidan tuman nomidan hakamlar hay`atiga yozib yuborishibdi. Ana sizga qoziligu, mana sizga qozilik (. Ismim ketib bo`lgan, xazilakam joyga bormayapman, ilgari tuman fanlar olimpiadalariga hakamlikka chaqirishganlarida u yoki bu baxonani qilib bormay qo`yaqolardim, bu safar esa vaziyat boshqa, tuman nomidan “turib berishim” kerak. O`quvchilarni baxolashda xolis tura olamanmi, istamagan xolda o`quvchining xaqqiga xiyonat qilib qo`ysamchi? Axir bu o`quvchilar ularning o`qituvchilari bir, ikki yil shu olimpiadani kutganku, balki o`zimning matematik o`quvchim singari kechalari svet o`chsa fonar yoqib bol`sayam o`qigandir… 
Xullas, qo`lda nizom, yaxshiyamki batafsil yozilgan nizom bor, yozma ishlarni tekshirishga tushdik. Yozma ishlar oxirlab qolganda bir yozma ish chiqdi. Auditoriya raxbari o`sha yozma ishni qoliga olib, mana shuni atay tanib qolgandim, iltimos, alohida ko`rib tekshirsangizlar, deb qoldi.
-Nega?
-Keyin aytaman.
-Hozir aytasiz!
Shubha tushdi hammamizga, go`yoki ushbu yozma ish mana shu ayolga qarashli biror o`quvchinikimikan taniyapti, xayol ketdi xar yoqqa... Chunki odatga ko`ra bizning qo`limizga faqat sifrlangan yozma ishning o`zi beriladi, u kimning bajargan ishi ekanligini tekshirib bo`lgach bilardik. xullas haligi opani aytishga majbur qildik:
“Kompyuter sinfga dastur tuzish uchun o`quvchilarni kirgazib turgandim, bir o`quvchi, ustoz menga o`rtog`im yordam berib turadi, dedi. Xayron bo`lib, bu qanaqasi, yo`q o`ziz kirasiz dedim u bilan kirib olgan o`quvchini chiqarib yuborish uchun ular oldiga bordim, yaxshi e`tibor bermagandim, qarasam, ne ko`z bilan ko`rayki, oldimda ikki qo`li yo`q bola turibdi ko`zlarini jovdiratib!
Nima qilishni bilmay qoldim, mayli yordam beraversin, deb ruxsat berdimda, ularni kuzatdim: yordamchi bola kompyuterni yoqdi, qatnashchini tufli hamda paypoqlarini yechdi, klaviatura va sichqonchani yerga qo`yib berdi. Ishtirokchi bola esa Turbo Pascal dasturiga kirib masala shartiga ko`ra dasturni oyoqlarida terib kiritdi!”
Qozilik qilishni yomon ko`raman…
Ko`nglimiz allanechuk bo`lib ketdi, qo`limizdagi yozma ish qo`lma qo`l bo`la boshladi, yo`q faqat o`qib ko`rishga, azbaroi xayratimiizdan,  tekshirish esa sensola bo`la boshladi, bu yozma ishni hech kim tekshirib ball qoyishga botinmadi… Qo`limizga qizil ruchka olib unga  o`zi bajargan masalalarga qarab nizom bo`yicha baho qo`yishga ham hech qaysi hakam yuragi chidamadi, bu vazifani baribir raisimizga bir nima qilib yukladik, masalalariga necha ball berishni esa odatdagidek hammamiz o`rtada maslahatlashdik.
Olimpiada so`ngida o`quvchilarni to`plab, yozma ishlarni tarqatdik, olgan baxolarini, egallagan o`rinlarini e`lon qildik, e`tirozlar bormi deya so`radik. Mening ko`zim esa o`sha bolani izlamoqda edi. Negadir topolmay turganimda, orqadan, menda tushunmovchilik bor, deb bir o`quvchi o`rnidan turdi. U o`sha bizni qoyil qodirgan hali ko`rmagan bola edi! Yonidagi yordamchisi bilan bizning oldimizga keldi, men negadir, uni mungli, g`amgin tasavvur qilib yurgandim, yo`q, aksincha uning ko`zlarida quvnoqlik, bolalarcha beg`uborlik yarq etib turardi. Gaplari o`tkir, o`zi shaxdam  bola ekan. Yozma ishni ochganimizda o`zi tushunmagan  joyni yelkasini tekkizdirib ko`rsatgandi, ko`zlarimni yumib yubordim, qarashga yuragim dosh bermadi. Lekin uing shaxdamigi, xayotga mag`rur boqishi va eng asosiysi o`zini xaqqini ximoya qilish uchun  kurashayotganligi meni nixoyatda quvontirdi! Ofarin azamat! 
Yigitchaga qilgan xatosini bafurja tushuntirdik, kelajak sari uni ruhlantirdik, maslahatlar berdik. Xursand xolda xayrlashdik…
Qozilik qilish qiyin…
 Anchagacha ushbu o`quvchi xayolimdan ketmadi. Qaniydi shu o`quvchiga viloyatda 1-o`rinni unga matonati uchun bersak, degan fikr miyamni qamrab olgandi. O`zimni o`zim ovutishga ham xarakat qildim, axir biz belgilangan nizom bo`yicha tekshirdikku?
 Yo`q!!! 
Ichki sado tinchlik bermasdi, o`sha sen tekshirgan nizomda xuddi shunday vaziyatda qanday baxolash yozilganmi, yo`q, bizning nazarimizda  go`yoki bu o`quvchi yozma ishiga biz qo`ygan  baxolarimizdan xato topmaydi, chunki biz “nizom” bo`yicha tekshirdikda, lekin ushbu ikki varoq qog`ozda sen duch kelgan vaziyat uchun nima yozilgan, xo`sh, o`sha nizomda  “agar o`quvchi dasturni qo`llarda emas taqdir taqozosi  bilan oyoqlarida yozishga majbur bo`lganda … ball qo`yilsin” deyilganmi, yo`q… 
Ha, afsuski biz nizom bo`yicha ish tutgan edik, , insoniy xis tuyg`ular bo`yicha emas… Nizomdan chiqmadik, insoniylikdan esa, bir nima deyolmayman, shunga majbur edik…
Vijdonim qiynaldi. Hakam bo`lib borganimga ich ichimdan afsuslandim, 
Qozilik qilish qiyin…

Комментариев нет:

Отправить комментарий