воскресенье, 24 апреля 2016 г.

Дўстлик назарийми?

Укам ва унинг ўртоқлари қўли гул уста бўлиб бормоқда, уларнинг ҳаммалари биргалашиб  жуда кўплаб ишларни тинчитиб юборишида бу ҳунар қўл келмоқда.
Бу 5-6 ўртоқ  ишларини шундай режалаштирадиларки,  қайси ўртоғининг уйида қандай қурилиш режалаштирилган, қачон боришларини маслаҳатлашиб, дарҳол уюшиб беминнат ўша ўртоғиникида ҳашар қилиб кетаверишади. Шундай қилиб улар ўша ўртоғи устага берувчи пулини рўзғорининг бошқа камига ишлаттиришади, Ажойиб дўстларнинг меҳр-оқибатини кўриб ҳавас қиламан.
Ўтган йили эски уйни бузмоқчи бўлдик, укам бир оғиз айтиши билан дўстлари етиб келиб ишни бошлаб юборишди. Эски уйни бузганлар билишади: уйдан чиққан тупроқ гўёки тоғ бўлди, азаматлар тупроғини алоҳида, синч-ёғочни алоҳида қилиб ташлашди, яна камига  бизнинг борлигимизда битиб қолади, дея ҳали мўлжалимизда бўлмаган пойдеворини хам қуйиб кетишди. Ҳар куни бизникидан чиқиб, яна бир ўртоғиникида кечки пайт уйини гипс сувоқ қилиб беришгаям улгуришди шоввозлар… Ёзда янги уйни тиклаб қўйишга эришдик. Кузда яна ёрдамга келдилар, биргалашиб уйнинг томини ёпишди. Янги уй ва акамнинг уйини томини ёпишга ҳам 12-20 кун вақтлари кетди. Бу орада бир уйланадиган дўстлари уйини яна ўртага олиб ҳашар қилиб ташладилар ва биратўла йигитни уйлантиргач, кўнгиллари тинчиб қишда дам олдилар. Эрта баҳор бўлиши билан яна бизникида  ҳозир бўлишди, бу сафар ўтган йили ўзлари қурган ва томини ёпган уйни сувоқдан чиқаришди. Сувоқдан чиқариб бўлишига фалокат бўлиб, акамнинг уйига электрдан қисқа туташув натижасида ўт кетди. Янги ёпилган том бутунлай ёниб кетди. 3 ой олдин қурилган, ярақлаб кўзни қувнатган тунука том кўмир каби тус олиб, қараганда этни жунжиктирадиган аҳволга тушиб қолди… Укамнинг ўртоқлари ҳамма қатори далда бўлиш билан бирга, одатдагидек, амалий ишга тушиб кетдилар: бу сафар куйган томни бутунлай очиб, тунукаларни олиб ташлаб, томни сувоқ қилиб беришди, бу эса ҳар сафар ёниб  куйиб томни кўриб юраги сиқилаётган оила аъзоларимиз уни тезоқ унутишига сабаб бўлди…
Ҳар сафар ушбу йигитларнинг ишларини кўрганимда, дўстлик, меҳр-оқибат биз ўзбекларнинг қон-қонимизга сингиб кетганига амин бўламан. Булар бошқалар каби бир бирини фақат тўй-тантаналарида эмас, ҳар қандай оғир ёки енгил кунларида елкасини тута оладиган мард, танти қишлоқ йигитларидир! Булар бир-бирларининг бир оғиз гаплари учун ўз ишларини ташлаб бўлса-да ҳозир бўлувчи холис ёрдамчилар! Бу йигитлар, ҳашар - яхши одат, деган гапларни шунчаки айтиб эмас, амалда исботлаб юрадиган азаматлар!
Ўйланиб қоламан: нега биз бир-биримизникига ҳашарга бормай қўйдик, бунга сабаб нима, вақт камлигими ёки бир ўртоғингизни ҳашарга чақиргандан кўра ўша ишга пул бериб ёлланма ишчи солиш афзал бўлиб қолдими? Ёки биз тирикчиликкка шунчалар қаттиқ берилиб, дўстга ёрдам - фақат маслаҳат бериш, деб ўйлайдиган бўлиб кетдикми? Ота-боболаримиз ўз ҳунарларини ҳам қилишган, ҳам маҳаллада ҳашар дейилса, битта кетмонни кўтариб кетишган-ку? Эслайман, қишлоғимдаги охирги ҳашарни мен мактабга киришим арафасида, 90-йилларни бошида кўргандим. Ўшанда бир амаки отга миниб қишлоқда “фалончи аканикига ҳашарга”дея бақириб ўтган эди, барча йиғилиб, синч қуриб, гувала уриб маҳалладошимизнинг уйини битказишган эди. Хозир ўша уйни ҳар кўрганимда инсонларни бир-бирларига бўлган меҳр-оқибат рамзини кўргандек бўлиб кетаман…
Укамнинг дўстларини ҳурмат қиламан: улар  ўзбегимнинг ушбу йўқолиб бораётган гўзал анъанасини, ҳеч йўқ, ўз дўстлари учун тиклашди! Эртага улардан ўрнак олиб маҳалланинг бошқа ёшлари ҳам тиклашади, улардан кичиклар ҳам бу анъанани давом эттиришади… Зеро, ҳашар миллатимизнинг энг гўзал анъанаси, бу қадрият, анъанани ота боболаримиз ҳеч қандай таажжубсиз, оддий ҳол деб қабул қилишган,  ният қиламанки, эртадан кейин бизнинг ёшларимиз маҳалладошлар  маҳалла-кўйдаги бирор кишининг уйини ҳеч бир манфаатсиз, мажбуриятсиз қуриб берганини эшитишса, йўғе, дея ҳайронлик билан қабул қиладиган бўлиб қолмасинлар! Бизда асрлар давомида қадрланиб келган ибора ўйлайманки, ишонаманки, ҳеч қачон ўз қадрини йўқотмайди. Ҳашар - элимизга ярашар!

Ишдан вақтлироқ бўшаб, уйдаги томорқа юмушларини қилиб туриб, бир дўстимга иш билан телефон қилдим. Гаплашиб, юмушимни битказгач, ишларини сўрадим, моллар турадиган оғилхона қуряпмиз, деб қолди. Айни вақтда томга тупроқ олмоқдалар экан: Томорқа ишимни йиғиштирдим-да, дўстимникига ҳашарга жўнадим!











среда, 24 февраля 2016 г.

Burch

Hozirgi davr pedagoglari oldida har zamondagidan ko`ra yelkasida mas`uliyat kattadir. O`qituvchi maktabda ta`limni ham  tarbiyani ham birgalikda olib borishi muhimdir.Darsga kirganimda o`quvchilarga hamma o`qituvchi qatori fanim bilan bir qatorda tarbiyaviy ishlarni ham yonma yon olib boraman. Bir darsda o`quvchilar bilan Vatan oldida fuqarolik burchi haqida suhbat ketdi. Bu mavzu aslida har bir o`qituvchi o`rgatishi lozim bo`lgan eng dolzarb tushuncha deb bilaman. Yurtboshimiz aytganlaridek hozirgi kundagi bo`layotgan tezkor davrda biz o`quvhilarimizni Vatanga sodiq qilib o`stirishimiz eng dolzarb ish bo`lib bormoqda. O`quvchilarimiz ziyrak, zehnli. Hozirgi davr oquvchilari beradigan savollar kopchilikni o`ylatib qo`yishi mumkin. Bu mustaqillik mevalaridir. Bundan fahrlansak arziydi. Suhbat jarayonida o`quvchilar o`zlarining burchlarini gapirib o`tishdi. Men ularga shu bugungi kunda Vatan oldidagi burchingizni bajaryapsizlarmi, dedim. Ikkilanishdi. Bir o`quvchi hali armiyaga borsak albatta bajaramiz, deya yarim hazil javob aytdi. Men, to`g`ri, vatanni qo`riqlash har bir yigit va qizning eng muqaddas burchi, lekin buning uchun armiya yoshiga yetishishni kutish shart emas, siz uy vazifalaringizni turli tuturiqsiz kompyuter o`yinlariga berilmasdan ado etyapsizmi? –ha, deya javob berishdi. –ana shu narsa vatanni qo`riqlayotganingizga misol bo`ladi. Chunki siz vatanning farzanlarisiz, siz o`zingizni zararli narsalardan himoya qilyapsiz, siz Vatanni farzandini himoya qilyapsiz, siz demak Vatanni ertasini himoya qilyapsiz, deya tushuntirdim bola tilida.

  So`ngra o`ylanib qoldim. O`quvchilar burchini shu kabi xayotiy misollar orqali tushuntirdim. O`qituvchilar burchi nimalardan iborat. Yoshlarimizni shunday to`g`ri yo`lga boshlashimiz biz pedagoglarning  vatanimiz oldidagi hmda bizga o`z farzandini ishonib topshigan ota onalar oldidagi ado qilish shart bo`lgan burchdir. Chunki hozirgi yosh avlod oldida tanlash imkoniyatlari ko`p bo`lgan vaqtda biz o`zimizning yuksak qadriyatlarga limmo lim o`zbek milliy qadriyatmizni, vatanimizning dunyo bo`yicha eng tez rivojlanayotgan davlatlar qatorida boshqa davlat ekspertlarining tan olihayotganligini, dunyoda millionlab bolalar xor zor bo`lib yashab, o`qish tugul, bugun biror daydi o`q menga tegib ketmasmikan, deya qo`rquv ostida tunni tonga ulab yashayotgan davrda O`zbekiston farzandi bo`lib tug`ilganimizga shukr qilib, yaxshi o`qishlr ila buni shukronasini qilishga o`rgatishimiz kechiktirib bo`lmas burchimizdir.

Hurmatli hamkasblar, Vatanimiz oldida fahr bilan burchimizni bajaraylik!

вторник, 23 февраля 2016 г.

Istedodlar bog`boni

Men pedagogik soha bo`yicha maktabda ham, maktab-internatda ham ishlagan o`qituvchi sifatida ushbu ikki o`quv dargohlari farqlari haqida fikrlarimni bildirmoqchiman. Bunda maxsus bolalar uchun mo`ljallangan internat emas,  fanlar chuqurlashtirib o`qitiluvchi maktab-internatni nazarda tutganimni avval boshdan aytib o`tmoqchiman. Demak, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning oddiy maktablardan farqlari quyidagicha:
Maktab-internat-bu ba`zi fanlar chuqur o`rgatilishga ixtisoslashtirilgan davlat umumiy o`rta ta`lim dargohidir (IDUMI).
Ixtisoslikdagi fanlar hozirda asosan 3 fan yo`nalishi bo`yicha bo`lishi mumkin.
IDUMIlarda o`qish oylik badali bo`lib, bu har bir o`quvchi uchun har oyda eng kam ish haqi miqdoriga tengdir. Ushbu summa ixtiyoriy tartibda bankka to`lanadi.
O`quvchilar yotoqxona va 4 mahal issiq ovqat bilan ta`minlanadilar.
O`quvchilar ovqatlanishi , darslardan keyin vazifalar qilishi va boshqa ishlar uchun yotoqdagi guruh o`quvchilariga tarbiyachilar biriktirilgan bo`lib, ular ta`lim sifatiga bevosita ta`sir etuvchi pedagoglar hisoblanadi.
IDUMIlarning har bir sinfida o`quvchilar soni 30 nafardan oshmasligi qat`iy belgilab qo`yilgan.
Maktablar va IDUMIlar har bir sinflarining haftalik dars soatlari bir xil.
Xalq ta`limi vazirligi belgilagan nizomga ko`ra IDUMIlar ixtisoslashtirilgan fanlar haftalik dars soatlari oddiy maktabnikidan ko`ra ko`proq o`tiladi, masalan, matematika fani odatda har bir sinfga 5 soatdan o`tilsa, IDUMIlarda bu 7 soatni tashkil qiladi. Bu dars soatlar esa yuqoridagi nizomga ko`ra maktab ixtiyoridagi soatlar va ayrim fanlarning haftalik soatlarini qisqartirish evaziga to`ldiriladi. Bu qisqartirishlar o`quv yili boshida har bir IDUMI uchun bevosita Xalq ta`limi vazirligidan tasdiqlanib amalga oshiriladi.
IDUMIlarda ixtisoslashtirilgan sinflari ixtisoslashtirilgan darslarni har birida 15  nafar o`quvchidan ikki guruhga bo`lgan xolda o`tiladi.
IDUMIlar ixtisoslashtirilgan fanlari uchun alohida darsliklar yaritilgan bo`lib, ana shu darsliklar asosida darslar tashkil etiladi. O`quvchilarga maktablar uchun Xalq ta`limi vazirligi belgilab bergan minimal meyor - Davlat ta`lim standart (DTS) talabidan yuqori darajada samaradorlikka erishish majburiyati  belgilab qo`yilgan.
Ixtisoslashtirilgan sinflarga darslarni yanada chuqur o`rgatishni ko`zda turgan xolda bunday sinflarga faqat 1- va oliy malaka toifa sertifikatiga ega o`qituvchargina dars berishadi.
Ushbu darslarga davlat tomonidan boshqa darslarga qaraganda 20 % qo`shimcha ustama haqi to`lanadi.
IDUMI o`quvchilari 5-sinfdan imtixon asosida saralanib olinadi, bu imtixonlar DTM tomonidan o`tkaziladi.
Yillik baho bo`yicha 3 ta fandan qoniqarli (“3”) baho olgan o`quvchilar IDUMI safidan chiqarilib, o`z xududidagi maktablarga jo`natiladi va o`rniga qayta imtixon asosida boshqa o`quvchi qabul qilinadi.
O`quvchilar o`rtasida yuksak darajada raqobat shakllantiriladi, qizig`i shundaki, har bir darsda ular raqobatchi bo`lishsada, darsdan tashqarida esa bir birga ustozlardek bilgan narsalarini o`rgatishib yordam berishadi.
IDUMI  o`quvchilari hurmatni saqlagan xolda o`zlarini darsda va butun IDUMIda juda erkin tutishadi, darslarda o`qituvchi bilan mavzularga doir muammoli vaziyatlarni o`ta faollik bilan hal etishga o`z variantlarini ko`rsatadi, xoxlagan vaziyat bo`yicha IDUMI direktori bilan ham tortinmasdan murojaat qila oladi, bu esa o`quvchilarning mustaqil fikrlashlarini kuchaytirish uchun qo`llanilgan  muhitning samarasidir.
Maktab-internat o`quvchilari tanlov va musobaqalarda eng yuqori darajada tayyorgarlik ko`rib, IDUMI sharafini himoya qilish burchi deya his etishadi.
IDUMI o`quvchilari o`z o`zlarini boshqarishi yaxshi yo`lga qo`yiladi, mabodo biror nojo`ya qilgan sinfdoshlarini sezsalar buni o`zaro demokratik tarzda to`g`ri yo`lga sola oladilar. Bu esa o`quvchilarda  raxbarlik qobiliyatlarini shakllanishiga sababchi bo`ladi.
IDUMI o`quvchilarini hech qanday  komissiya cho`chitmaydi.
IDUMI oquvchilari madaniy va ma`rifiy ishlarda o`z tengdoshlariga o`rnak bo`lib ko`rsatsa arziydigan bo`lib yurishga xarakat qiladilar. Maktab-internatda belgilangan o`quvchilar kiyimi har bir o`quvchi uchun fahr bo`lib qaraladi.
Ushbu o`quvchilar ilmni olishga doimo chanqoq bo`lib yetishadilar va bu chanqoqlik hech qachon tugamaydigan bo`lib bitiradilar.
IDUMIga kirish o`quvchilar uchun qanchalik sharaf bo`lsa, undan chiqish shunchalar qayg`uli xolat deya bilishadi.
IDUMIda yotoqda yotib o`qiganligi bois bu yerdagi o`quvchilar mustaqil qaror qabul qilish va kundalik xayotda o`zini boshqarishga o`rganib yetishadilar.
Va nixoyat haftalik sarf xarajatlarini o`zi idora qilib, tejamkorlikka ham o`z o`zidan o`rganadilar.
IDUMIni bitiruvchi o`quvchilar Oliy o`quv yurtlariga nafaqat kirishni, balki  eng yuqori o`rinlarda kirishni maqsad qilib qo`yadilar.
Nixoyat yozganlarimga xulosa qilmoqchiman. Ushbu mavzu haqida har kimning oz shaxsiy qarashlari bo`lib, yuqoridagilar mening shaxsiy tahlillarim natijasi, deya qabul  qilinsa bo`ladi. Men so`zlarimga xulosa qilib shuni aytmoqchimanki, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar o`quvchilar istedodlari, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishda hukumatimiz tomonidan o`ta puxta o`ylab tashkil qilingan, mustaqil O`zbekistonning ertangi kelajagi egalarini yetishtirishga xizmat qiluvchi, buni o`zlri uchun sharaf deb biluvchi umumiy o`rta ta`lim maktablaridir.


Qorovul

Har safar katta shaharga borganimda istirohat bog`larni aylansam chekka chekka o`rindiqlarda jipslashib o`tirib noma`qulchilik qilayotgan yigit qizlarni ko`rib xayron bo`laman. Oila a`zolarim bilan bo`lsa ularni chalg`itib olib o`tib ketishga harakat qilaman. Bu yigit qizlarning qilib o`tirgan ishiga bir ajablansam, undan ham ko`ra ular yonidan hech nima ko`rmagandek o`tib ketayotgan yoshi katta odamlarni ko`rib battar taajjublanaman. Nahotki, ularga, “tur o`rningdan, senlarni ota onang o`qiyapti deb yuribdi, senlar nima qilyapsan bu yerda”, deydigan odam yo`q bo`lsa, rahmatli Hojiboy aytgandek…

Tumanimiz markazida bozorning yonida stadion oldidaman. Kimnidir kutmoqdaman. Bu stadionga odatda yoshlar futbol maktabi tarbiyalanuvchilari mashg`ulot o`tkazadilar. Tumanga kattaroq san`atkorlar kelishganda bayramlar shu joyda o`tadi. Boshqa vaqt esa tabiiyki, bo`sh turadigan joy. Stadiondagi hojatxonaga odamlarni  qo`yadigan va bu joyni supurib turadigan qorovul bir ayol bor. Bozor kuni bo`lgani uchun stadion darvozasi oldi juda gavjum, xaridoru sotuvchilar shu joylardagi rastalar oldida tinimsiz harakatda. Tabiiyki, stadionga ham bugun kiruvchilar soni ko`paygan. Bir vaqt stadiondan bir qiz chiqib keldi. Rosa bo`yangan, sochlari ham allaqanday eshilgan, xullas, oliftagina qiz. Chiqdiyu, o`z yo`nalishi bo`ylab jadalladi. Xayolimga kelgan fikr, tavba  bo`yoqni qizilini shunchalar chaplashi shartmikan, qizarganini qarang, deb o`ylab turgan ham edimki, uning orqasidan bir yigit  va o`sha qorovul ayol chiqib keldi. Bola boshqa tomonga ketdi, ayol esa baqir-chaqir qilib qarg`ay ketdi: -E turqung qursin qiz bo`lmay, basharang tuppa tuzuk,  unaqang bundoq, kamiga kuppa-kunduzi qilib yurgan ishingni qara beting ko`chgur… (xullas, qarg`ishlar “guldastasi” armug`on qilindi). Shu joylardagi sotuvchi yigitlar qiziqib voqeaga aralashib, “tinchlikmi”, deya so`rashdi. “Anuv … beting ko`chgur stadiondi skameykasida o`tirvolib, og`iz-burun o`pishyapti bitta bola bilan, uyalmaganini qara bularni kuppa kunduzi…”
Qiz va bola rosa ayoldan “tegishi”ni olib bo`lgani ko`rinib turibdi, toki tashqariga chiqqunlaricha. Hartugul, ayolni ancha vaqtgacha javrashidan, atrofdagilarning uni ma`qullab bildirgan fikrlaridan va nihoyat, ikkovi hech qayoqqa qaramasdan jadallagancha ketib yuborganidan buni bilish qiyin emasdi.
Shaharda, istirohat bo`g`larida ko`rgan holatlarim ko`z oldimga keldi. Shahar so`zi madina so`ziga ma’nodosh, madaniyat shaharlardan qishloqlarga keladi, deyishadi, shuni esladimu qo`rqib ketdim. Nahotki katta shahardagi yaxshi yangiliklar bilan birga mana bunday illatlar ham do`ppidekkina tumanimizga kirib kela boshladi, nahotki  erta-indin oilamni, farzandlarimni aylantirgani tuman markaziga olib yurgan paytim istirohat bog`ida bir to`da betarbiyalarni ko`rsatmaslik uchun boshqa yo`lkadan olib yurishim kerak?! Yo`q! Bizga bu kabi yaramasliklar kirib kelinishiga yo`l qo`ymaymiz, bizda har bir odam har bir yoshni notanish bo`lsa-da yomon yo`ldan qaytarib, yaxshi yo`lga boshlaydi, bu kabi ishlardan qaytaruvchi insonlar ko`p hali bizda, bu kabi ishlardan qaytaruvchi, dakki beruvchi hojatxona supuruvchilar, qorovullar omon bo`lsa bu kabi axloqsizliklar avj olishiga yol qo`yilmaydi!

вторник, 19 января 2016 г.

Aniq savol, konkret javob

16-yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi vaziri Ulug`bek Inoyatov bilan vazirlik saytida online muloqot tashkil etildi. Bugun shu muloqot haqida fikrlarimni o`rtoqlashmoqchiman.
Bu muloqotni kun.uz saytida bir soat oldin o`qidim, yaxshiyam bir soat kech eshitmaganim.
Muloqot soat 10:00 dan 12:00 gacha qilib belgilandi.
Soat 10:03 da vazirlik saytining forum bo`limida “Vazirimiz siz bilan suhbatga tayyor” degan moderator e`loni chiqdi. Vazirga savol yoki taklifni forumning o`zida yoki e-mail orqali berish mumkinligi ko`rsatilgan edi. Afsuski, o`sha vaqtda forumga a`zolik parolim esimga tushmadi (bu, mazkur saytga “ko`p” tashrif buyurganim sharofati :). Shundan song e-mailim orqali taklifimni yuborishga kirishdim.
Taklifimni ancha oldin my.gov.uz portali orqali xalq ta`limi vazirligiga yuborgan va bu haqda blogpost yozgan edim…
 e-mailimdan taklifni yubordim:
“Assalomu alaykum hurmatli vazir janoblari.
Men O`zbekiston tumanidan murojaat qilmoqdaman. 2 ta savolim bor edi. 1)”Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi” ko`rik-tanlovi shartida pedagogning bilim saviyasini tekshiruvchi birorta ham shart yo`q. uning o`rniga video tasvirga tushirib yasama dars tayyorlash buyurilgan. Bu o`qituvchilarga moddiy va ma`naviy qiyinchilik tug`dirmoqda. Shuning o`rniga yuqoridagi kabi test yoki yozma ish qo`yilsa bo`lmaydimi?
2) 9-sinflar fan olimpiadasini Bilimlar Bellashuviga qo`shib Respublika bosqichiniyam o`tkazilsa, bilim sifatiga yaxshi ta`sir ko`rsatardi, shu masalaga nima deysiz? ”
Yozganlarim aslida taklif edi, men shaxsan vazirning ushbu taklifga o`z fikrini bilish maqsadida savol ko`rinishda bergan edim.
E-maildan jo`natgach, 15 minut kutdim, forumga qo`yilmadi. Shundan so`ng e-maildan qayta yubordim. Soat esa 11 dan o`tmoqda. Shundan so`ng vazir kabinetidagi e-mailga javobgar shaxs umrida buncha ko`p sms olmaganidan gangib qoldiyov deya, noiloj saytning forumidan yozish uchun qayta registratsiyadan o`tishga tushdim, sayt esa aksiga olib rosa qotib ishladi, ishni yakunlagach, 3 marta qayta jonatib soat 11-38 da savolim forumga chiqishiga erishdim hamda javobini kuta boshadim…
 Navbat yetgach, mening taklifimga my.gov.uz da qanday javob berishgan bo`lsa, o`sha mazmunda ishchi guruh takliflarni yig`moqda, sizning taklifingiz ham inobatga olinadi, degan umumiy javob oldim. Bu javobni kim aytganini taxmin qilib qo`yaqoldim…
Online muloqotda 1-marta qatnashdim, forumda va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ta`kidlashlaricha O`zbekistonda shaxsan vazirning o`zi online muloqot tashkil qilishi ham birinchisi ekan, buning uchun vazirimizga shaxsan minnatdorchilik bildirish lozim!

Ushbu muloqotda berigan savollar va javoblarni o`qib, ko`plab bilmagan narsalarimga javob oldim. Suhbat juda demokratik ruhda o`tganligi tahsinga loyiq, buni u yerda berilgan savollardan ko`rish mumkin edi. Masalan, quyidagi savollar mening e`tiborimni tortdi:
Sharifa opa savoli, 1-sinf o`quvchilari bir sinfda nechta bo`lishi kerak? Qaror bo`yicha 35 tagacha borishi mumkinligi ta`kidlandi. 1-sinfda 35 ta oquvchi, menimcha, juda ham ko`p. Lekin ba`zi maktablarda bundan ham ko`p bo`lganligini ko`rdik. Boshlang`ich sinf o`qituvhisiga sabr tilayman.
E-mail orqali kelgan bir savolda maktab direktorlari tomonidan tanish-bilishlarini ishga qabul qilish, attestatlarni sotish, poraxo`rlik avjiga chiqqani va bunga qarshi vazirlik nima qilayotganligi so`raldi. Savol egasiga qayerga qanday murojaat qilish kerakligi to`g`risida tushuntirish berishdi.
“Muhabbat1983”: matematika darsliklari umuman talabga javob bermaydi, sifatli qog`ozga kim javob beradi, byudjetning, biz ota onalarning puli kuyyapti? Bunga darsliklar bosqichma bosqich tanlov asosida qayta tuzilganini, ular DTSga javob berihini takidlashdi, xullas borimiz shu, degan javob olgandek bo`ldim.
Maktablarda har yilgi metallolom yig`ish an’anasi haqida e-maildan savol yuborishdi. Mana bu savol judayam dolzarb edi, buni “ko`rmabmiz” deb bahona qilmay, forumga qo`yganliklarini olqishladim. Xullas, shaxsan vazirimiz vazirlik nizomi va “Bola huquqlari to`g`risida”gi xalqaro Konvensiyaga ko`ra o`quvchilar vazifasi faqatgina o`qish, metallolom yig`ish emasligini isbotlab berdilar. Qiziq, ko`pchilik maktab o`quvchilarining metallolom yig`ishiga shu darajada o`rganib ketishganki, ushbu javob, menimcha, yangilik bo`ldi o`sha ko`pchilikkka))
“Maksim Nikolayevich” nikli foydalanuvchi online muloqotga xuddi yonida birorta o`rtog`i bilan chatda gaplashgandek kirishib ketdi. Juda ko`plab savollar berdi, bir martasida, barcha savollarga shaxsan o`ziz javob beryapsizmi, degan murojaatiga vazirimiz to`g`risini aytdiyam-da, “barcha savollarga butun jamoam bilan birgalikda o`tirib javob beryapmiz”, dedi. To`g`ri-da, yuzlab savollarga, ayniqsa, javob berish uchun aniq faktlar talab qilinuvchi tomdan tarasha tushgandek turli xil savollarga butun jamoa oyoqqa turishi tabiiy, haqiqatan ham bir kishi ulgurmasligi tayin. Shundan keyin anavi Maksim deganlari nima deydi deng, “unda saytda noto`g`ri yozishibdide, “Xalq ta`lim vaziri butun jamoasi bilan!” deb o`zgartirib qo`yishsin”, deydi, juda bunaqa emas-da endi, sinfdoshing bilan gaplashib o`tirganing yo`qku, davlat ahamiyatidagi mansabdor bilan davlat ahamiyatidagi masalalar forumidasan! Forum ishtirokchisi madaniyatini ko`rib xijolat bo`lib ketdim.
Online muloqotni ko`chilik kuzatib savol javoblar qizib turganda, biz ham quruq qolmaylik, qabilida ilmoqli savollari bilan “Ozodlik” sayti ham ishtirok etdi. Senlar kam eding, tinchgina o`tirovdik, dedim. Dastlab o`qituvchilarga qo`g`ozbozlik ko`payib ketganligi haqida savol berdi, javob sifatida 2010-yillardagi 18 ta turli daftarlar qisqartirilib, bugungi kunda o`quv-tarbiya jarayoniga taalluqli bo`lgan 6 ta hujjat: yillik ish reja, tarbiyaviy ish reja (faqat sinf rahbari qiladi), taqvim-mavzu reja, dars ishlanmasi (konspekt), dars kuzatish daftari, sinf jurnalini yuritishi belgilangan xolos, deya olishdi. Bu ma`lumot ham men uchun yaxshi ma`lumot bo`ldi, chunki afsuski hozirgi kunda direktor va O`IBDO` (zavuch)larga ushbu ma`lumotlar yetib kelmagan ko`rinadi.
Keying savol esa juda ko`pirtirilganligi ko`rinib qoldi, maktablarda boyning bolasi va kambag`alning bolasiligiga qarab o`qituvchilar muomala qiladi, bunga qanday chora ko`rilyapti emish. Vazir har bir so`zdan ilmoq kutib turgan savol egalariga, atroflicha tushuntirib qo`ydi.
 Ba`zi savol egalarining so`zlaridan, to`grisi, mening ham ensam qotdi, Vazirimizga sabr bersine, bir opamiz Vazirdan audioertak so`rab qolsa boladimi, “qayerdan topay”, deb. Hoy yaxshilar, sizlar “spravochniy byuro”ga yoki “internet qiroli”ga murojaat qilayotganlaring yo`q, yelkasida butun O`zbekiston xalq ta`limini ko`tarib turgan VAZIR (Ministr!)ga savol beryapsiz, endi sal insof bilan-da, yana bir akamiz (hamkasb ham ekanmiz, matematik-informatik) ham rosa bopladilar. Xullas, “kompyuter xonaga qaraganim uchun 0,5 stavka ustama pul kimga beriladi”, deb savol berdilar. “Falon qarorga ko`ra sizga yozib berishlari mumkin”, degan javobni olgach, birpas turib nima deydi, “men unda kimga aytay yozib beringlar, deb, direktorgami?”- desa bo`ladimi. “Maktab qorovuliga” degani odam yo`q )).
Muloqot 2 Soatga mo`ljallangani, ammo vaqt tugash arafasida savollar ko`pligini ko`rib yana bir soat qo`shilgani foydalanuvchilarning minnatdor bo`lishiga sabab bo`ldi.
Muloqot tugagach, baribir ba`zi savollarga javob berilmay qolganligini ko`rdim. Balki ularga shaxsiy xabarlar orqali javob berishgandir, chunki xayrlashuv chog`ida shu kabi so`zlar bilan xayrlashdi U.Inoyatov.
Lekin qolib ketgan savollar ham javobi meni qiziqtirardi. Mana ulardan biri, “Adiba” nikli foydalanuvchi quyidagicha savoli javobsiz qoldi: Ta`limda o`z sohasiga qiziqmagan pedagoglar faoliyat yurityapti, bu esa ta`lim sifati pasayishiga olib kelmoqda. Ushbu muammo yechimi bo`yicha Vazirlikda qanday ishlar qilinmoqda?:
 Mana bu savol javobi esa aynan menga juda zarur edi, chunki maktab internatimizda Respublika Bilimlar bellashuvi g`oliblari bo`lib, ular oylik badal pulini to`lab yurishibdi, afsuski bu savol ham e`tiborsiz qoldirildi… :
Savol: Xalqaro va Respublika tanlovlarining g`oliblari badal to`lovlaridan qaysi oydan boshlab ozod etiladi, o`quvchi aprel oyida g`oliblikni qo`lga kiritgan bo`lsa-chi?
Xulosa qilib aytmoqchimanki, bizning vazirimiz boshqa yuqori lavozimdagi hamkasblariga o`rnak bo`luvchi ulkan ish boshladi, demokratik davlat qurayotgan ayni davrimizda mana shunday to`g`ridan to`g`ri muloqotning ahamiyati katta, yuqori mansabdagi kishilarni oddiy kundalik hayotni real ko`rishiga to`sqinliksiz, filtrsiz imkon yaratib beradi. Eng asosiysi, odamlarni yuqori mansabdor kishi haqida mehrini kuchayishiga, huquqiy bilim ko`nikmasi oshishiga olib keladi.
  Yana bir taklifim shuki, texnologoya rivojlangani sari onlayn muloqot osonlasha boradi, kelgusi muloqotlarni Skayp va shunga oxshash videomunozara tarzida o`tkazilsa yanada yaxshi bo`ladi.

 Rahmat sizga Ulug`bek Ilyasovich Inoyatov!

воскресенье, 13 декабря 2015 г.

Yetim fan

Fanning yetimi bo`larkanmi?
Shunday fanlar borki, ular ba`zi bir sabablarga ko`ra  “yetim”dek ko`rinib ketadi ko`zimga (aslida sarlavha ham qo`shtirnoqqa olishim kerak edi). Uzoqqa bormay, maktab o`qituvchilari mutaxassisliklarini kuzatib mana shunday ba`zi chigalliklarni misol keltirib o`tmoqchiman.
Bundan bir necha yil oldin maktab internatda IBA (Iqtisodiy bilim asoslari) fanidan dars beruvchi o`qituvchimiz boshqa maktabga o`tganligi munosabati bilan, maslahatlashib ushbu fanni matematika fani o`qituvchisiga, menga topshirishga qaror qilishdi.
Iqtisodiy bilim asoslari fanida xullas qanday mavzular borligini shu vaqtgacha qiziqib ko'rmagan edim. osha kuniyoq ish reja va darsliklarni titkilab darsga tayyorgarlik korishga tushdim. xuddi oquvchidek o'zim uchun mutlaqo yangi fanni qisqa fursat ichida o'rganish va organganda ham orgatadigan darajada organish mas`uliyati juda ogir ekan. eng yomoni menda biror ustoz yoq va men hamma tug'ilgan saavollarga ozim javob topishga majbur edim. Ushbu fanni o`zlashtirar ekanman, ajoyib voqe`liklar miyamdan o`taverdi, ya`ni ushbu fan tamomila matematika fani o'qituvchisi otishi uchun chiqarilgandek edi. 8-9-sinf  IBA fani masalalari butunlay matematik misol masalalar edi. Ushbu masalalarni o`rgatish menga hech ham qiyinchiik tug`dirmadi. Qaytaga, bu fanga qiziqib ketdim. Dars o`tish bilan birga o`quvchilarni Bilimlar bellashuvi (B.B.)va fan olimpiadasiga ham tayyorlab bordim. Natija esa ko`p kuttirmadi, o`sha yiliyoq B.B.ning tuman bosqichidan ham chiqolarmikanmiz degan xavotirda qattiq tayyorlagan o`quvchim tumanda 1-o`rinni egallab, viloyat bosqichida 3-o`rinni egalladi. 9-sinflar o`rtasida olimpiadada esa o`quvchim tumanda 1-o`rinni olgan bo`lsa-da viloyatda sovrinli o`rinni ola olmadi. Viloyat Olimpiadasida tushgan masalalarni ko`rib chiqar ekanman, ushbu masalalarni yechish formulalarini maktab darsligi tugul, kollej dasturidan ham topa olmadim. “Bollarda ayb yo`q” deb o`zimni koyidim, men matematikman, ushbu fan uchun nomutaxassisman, qaydan ham boynimga oldim deb kuyundim. IBA darsligi muallifi ustoz Bahodir Haydarovning telefonini topib, u kishiga vaziyatni tushuntirib, Olimpiada maslalariga doir maslahat oldim. E`mailimga ushbu yonalish bo`yicha masalalar to`plamlari jo`natib yuborishdi. Keying yil ham tayyorgarlikni kuchaytirdik.
Masalaning bir jihatiga e`tibor qaratmoqchiman. Odatda IBA fanini maktablarda geografiya fani o`qituvchilari o`tishadi. Pedagogika institute va Universitetida iqtisodiy geografiya yo`nalishi mavjud bo`lib, ushbu fandan kadrlar tayyorlaydi. Men shu sababli tushunmagan masalalarimni ushbu yo`nalishni bitirgan o`qituvchilardan so`ramoqchi bo`lib o`zimizning hamd boshqa tumandagi o`ituvchilar bilan suhbatlashdim. Ma`lum bo`lishicha ushbu o`qituvchilar (hatto yosh bitiruvchilar ham) institutda ushbu kabi masalalarni o`rgatmaganligi tufayli mendan battar qiynalar ekan. Ushbu  o`qituvchilar matematik masalalarni yechishni bilmasligi tufayli qiyinchiligi yanada ortar ekan. tuman B.B. va fanlar Olimpiadasining tuman bosqichida qatnashuvchi o`quvchilarning o`ta past natijalarini ko`rib, ushbu o`quvchilarni va xatto uning o`qituvchisini ham mutlaqo ayblay olmadim. Bilasizmi ayb kimda deb aytish mumkin?
Ayb Oliy ta`lim tizimida mutaxassislikka taqsimlash jarayonida puxta o`ylanmaganlikda!
Axir nega butunlay matematik masalalar bilan ishlovchi butun boshli fanni matematika yo`nalishiga emas, geografiya yo`nalishga qo`shib berishgan? Geografiya o`qituvchisi qanday qilib matematik misol va masalalarni o`quvchilarga tushuntirib berishi kerak?
Iqtisodiy masalalar geografiyaga xos maslalalar bo`lsa? unda nega Oliy ta`lim tizimining “Iqtisod” yo`nalishlariga matematika fani emas, geografiyadan imtixon olinmaydi, qiziq chigallik, to`g`rimi?
AQShda iqtisod fani boshlang`ich maktablardan boshlab o`qitilishi va o`quvchilar ushbu fanni hayotida kerak bo`luvchi eng asosisiy fan sifatida qarab to maktabni bitirguncha uni fanni nazariya bilan birgalikda amaliy ko`rib o`rganishlari  to`g`risida o`qidim. Bizda esa ushbu fanning o`qitilishi yuqoridagi chigalik tufayliafsuski, maktablarda iqtisod fani obro` e`tibori va tabiiyki bilim samarasi ham juda past.
Men bu oradagi kuzatuvlarim natijasida shunday xulosaga keldimki, avvalo Universitet va Pedagogika Institutlarda mutaxassisligini qayta ko`rib chiqib, iqtisodiy bilim asoslari mutaxassisligini geografiya fakultetidan olib matematika fakulteti tasarrufiga o`tkazish lozim deb bildim. Ana shundagina matematika fani oqituvchilari matematik uslublar asosida yechiluvchi iqtisodiy masalalarni o`z kasbiy mutaxassisligidan kelib chiqqan xolda oson yechish yo`llarini tushuntirib bera oladilar. Ana shunda iqtisod yo`nalishiga topshirish uchun matematika nega kerakligini o`quvchilar maktab davridayoq tushunib olar edilar. Shuningdek geografiya fani o`qituvchilari ham ortiqcha bosh qotirib yotmas edilar…


понедельник, 7 декабря 2015 г.

“Nizom bo`yicha ish tutilsin”

Qozilik qiyin ish…
Qozilik qilishni yoqtirmayman.
Lekin Ravshan  Ermatov ham xuddi men kabi qozilik qilmayman, deganda dunyo bunchalar adolatli futbol qozisini ko`rmasmidi…
Shunday kunlar bo`ladiki, siz istaysizmi yo`qmi, o`ziz istamagan ishni qilishga majbur bo`lib qolasiz.
Tabiatan, dadamlarning uqtirganlari bo`yicha menda qozilik ishi murakkabligi, istaysizmi yo`qmi hech yo`q men xaqqoniy qaror qildim, deb o`ylab turganizda ham, bilmagan xolizda zarra misqol bo`lsa ham kimnidir manfaatini buzib qo`yishingiz mumkinligi miyamga singigan va shu tarbiya tufayli men birovlarning xayotiga aloqador qaror chiqarishdan qochaman.
Qozilik qilishni yomon ko`raman…
O`ylab ko`rsam kasbim yuzasidan  men o`zim qochib yurgan aynan qozilik bilan shug`ullanib yurgan ekanman…
O`tgan yili fanlar olimpiadasining viloyat bosqichiga informatika fanidan tuman nomidan hakamlar hay`atiga yozib yuborishibdi. Ana sizga qoziligu, mana sizga qozilik (. Ismim ketib bo`lgan, xazilakam joyga bormayapman, ilgari tuman fanlar olimpiadalariga hakamlikka chaqirishganlarida u yoki bu baxonani qilib bormay qo`yaqolardim, bu safar esa vaziyat boshqa, tuman nomidan “turib berishim” kerak. O`quvchilarni baxolashda xolis tura olamanmi, istamagan xolda o`quvchining xaqqiga xiyonat qilib qo`ysamchi? Axir bu o`quvchilar ularning o`qituvchilari bir, ikki yil shu olimpiadani kutganku, balki o`zimning matematik o`quvchim singari kechalari svet o`chsa fonar yoqib bol`sayam o`qigandir… 
Xullas, qo`lda nizom, yaxshiyamki batafsil yozilgan nizom bor, yozma ishlarni tekshirishga tushdik. Yozma ishlar oxirlab qolganda bir yozma ish chiqdi. Auditoriya raxbari o`sha yozma ishni qoliga olib, mana shuni atay tanib qolgandim, iltimos, alohida ko`rib tekshirsangizlar, deb qoldi.
-Nega?
-Keyin aytaman.
-Hozir aytasiz!
Shubha tushdi hammamizga, go`yoki ushbu yozma ish mana shu ayolga qarashli biror o`quvchinikimikan taniyapti, xayol ketdi xar yoqqa... Chunki odatga ko`ra bizning qo`limizga faqat sifrlangan yozma ishning o`zi beriladi, u kimning bajargan ishi ekanligini tekshirib bo`lgach bilardik. xullas haligi opani aytishga majbur qildik:
“Kompyuter sinfga dastur tuzish uchun o`quvchilarni kirgazib turgandim, bir o`quvchi, ustoz menga o`rtog`im yordam berib turadi, dedi. Xayron bo`lib, bu qanaqasi, yo`q o`ziz kirasiz dedim u bilan kirib olgan o`quvchini chiqarib yuborish uchun ular oldiga bordim, yaxshi e`tibor bermagandim, qarasam, ne ko`z bilan ko`rayki, oldimda ikki qo`li yo`q bola turibdi ko`zlarini jovdiratib!
Nima qilishni bilmay qoldim, mayli yordam beraversin, deb ruxsat berdimda, ularni kuzatdim: yordamchi bola kompyuterni yoqdi, qatnashchini tufli hamda paypoqlarini yechdi, klaviatura va sichqonchani yerga qo`yib berdi. Ishtirokchi bola esa Turbo Pascal dasturiga kirib masala shartiga ko`ra dasturni oyoqlarida terib kiritdi!”
Qozilik qilishni yomon ko`raman…
Ko`nglimiz allanechuk bo`lib ketdi, qo`limizdagi yozma ish qo`lma qo`l bo`la boshladi, yo`q faqat o`qib ko`rishga, azbaroi xayratimiizdan,  tekshirish esa sensola bo`la boshladi, bu yozma ishni hech kim tekshirib ball qoyishga botinmadi… Qo`limizga qizil ruchka olib unga  o`zi bajargan masalalarga qarab nizom bo`yicha baho qo`yishga ham hech qaysi hakam yuragi chidamadi, bu vazifani baribir raisimizga bir nima qilib yukladik, masalalariga necha ball berishni esa odatdagidek hammamiz o`rtada maslahatlashdik.
Olimpiada so`ngida o`quvchilarni to`plab, yozma ishlarni tarqatdik, olgan baxolarini, egallagan o`rinlarini e`lon qildik, e`tirozlar bormi deya so`radik. Mening ko`zim esa o`sha bolani izlamoqda edi. Negadir topolmay turganimda, orqadan, menda tushunmovchilik bor, deb bir o`quvchi o`rnidan turdi. U o`sha bizni qoyil qodirgan hali ko`rmagan bola edi! Yonidagi yordamchisi bilan bizning oldimizga keldi, men negadir, uni mungli, g`amgin tasavvur qilib yurgandim, yo`q, aksincha uning ko`zlarida quvnoqlik, bolalarcha beg`uborlik yarq etib turardi. Gaplari o`tkir, o`zi shaxdam  bola ekan. Yozma ishni ochganimizda o`zi tushunmagan  joyni yelkasini tekkizdirib ko`rsatgandi, ko`zlarimni yumib yubordim, qarashga yuragim dosh bermadi. Lekin uing shaxdamigi, xayotga mag`rur boqishi va eng asosiysi o`zini xaqqini ximoya qilish uchun  kurashayotganligi meni nixoyatda quvontirdi! Ofarin azamat! 
Yigitchaga qilgan xatosini bafurja tushuntirdik, kelajak sari uni ruhlantirdik, maslahatlar berdik. Xursand xolda xayrlashdik…
Qozilik qilish qiyin…
 Anchagacha ushbu o`quvchi xayolimdan ketmadi. Qaniydi shu o`quvchiga viloyatda 1-o`rinni unga matonati uchun bersak, degan fikr miyamni qamrab olgandi. O`zimni o`zim ovutishga ham xarakat qildim, axir biz belgilangan nizom bo`yicha tekshirdikku?
 Yo`q!!! 
Ichki sado tinchlik bermasdi, o`sha sen tekshirgan nizomda xuddi shunday vaziyatda qanday baxolash yozilganmi, yo`q, bizning nazarimizda  go`yoki bu o`quvchi yozma ishiga biz qo`ygan  baxolarimizdan xato topmaydi, chunki biz “nizom” bo`yicha tekshirdikda, lekin ushbu ikki varoq qog`ozda sen duch kelgan vaziyat uchun nima yozilgan, xo`sh, o`sha nizomda  “agar o`quvchi dasturni qo`llarda emas taqdir taqozosi  bilan oyoqlarida yozishga majbur bo`lganda … ball qo`yilsin” deyilganmi, yo`q… 
Ha, afsuski biz nizom bo`yicha ish tutgan edik, , insoniy xis tuyg`ular bo`yicha emas… Nizomdan chiqmadik, insoniylikdan esa, bir nima deyolmayman, shunga majbur edik…
Vijdonim qiynaldi. Hakam bo`lib borganimga ich ichimdan afsuslandim, 
Qozilik qilish qiyin…