Men pedagogik soha bo`yicha maktabda ham, maktab-internatda
ham ishlagan o`qituvchi sifatida ushbu ikki o`quv dargohlari farqlari haqida
fikrlarimni bildirmoqchiman. Bunda maxsus bolalar uchun mo`ljallangan internat
emas, fanlar chuqurlashtirib
o`qitiluvchi maktab-internatni nazarda tutganimni avval boshdan aytib
o`tmoqchiman. Demak, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarning oddiy
maktablardan farqlari quyidagicha:
Maktab-internat-bu ba`zi fanlar chuqur
o`rgatilishga ixtisoslashtirilgan davlat umumiy o`rta ta`lim dargohidir (IDUMI).
Ixtisoslikdagi fanlar hozirda asosan 3 fan
yo`nalishi bo`yicha bo`lishi mumkin.
IDUMIlarda o`qish oylik badali bo`lib, bu har bir
o`quvchi uchun har oyda eng kam ish haqi miqdoriga tengdir. Ushbu summa
ixtiyoriy tartibda bankka to`lanadi.
O`quvchilar yotoqxona va 4 mahal issiq ovqat bilan
ta`minlanadilar.
O`quvchilar ovqatlanishi , darslardan keyin
vazifalar qilishi va boshqa ishlar uchun yotoqdagi guruh o`quvchilariga
tarbiyachilar biriktirilgan bo`lib, ular ta`lim sifatiga bevosita ta`sir
etuvchi pedagoglar hisoblanadi.
IDUMIlarning har bir sinfida o`quvchilar soni 30
nafardan oshmasligi qat`iy belgilab qo`yilgan.
Maktablar va IDUMIlar har bir sinflarining haftalik
dars soatlari bir xil.
Xalq ta`limi vazirligi belgilagan nizomga ko`ra
IDUMIlar ixtisoslashtirilgan fanlar haftalik dars soatlari oddiy maktabnikidan
ko`ra ko`proq o`tiladi, masalan, matematika fani odatda har bir sinfga 5
soatdan o`tilsa, IDUMIlarda bu 7 soatni tashkil qiladi. Bu dars soatlar esa
yuqoridagi nizomga ko`ra maktab ixtiyoridagi soatlar va ayrim fanlarning
haftalik soatlarini qisqartirish evaziga to`ldiriladi. Bu qisqartirishlar o`quv
yili boshida har bir IDUMI uchun bevosita Xalq ta`limi vazirligidan tasdiqlanib
amalga oshiriladi.
IDUMIlarda ixtisoslashtirilgan sinflari
ixtisoslashtirilgan darslarni har birida 15
nafar o`quvchidan ikki guruhga bo`lgan xolda o`tiladi.
IDUMIlar ixtisoslashtirilgan fanlari uchun alohida
darsliklar yaritilgan bo`lib, ana shu darsliklar asosida darslar tashkil
etiladi. O`quvchilarga maktablar uchun Xalq ta`limi vazirligi belgilab bergan
minimal meyor - Davlat ta`lim standart (DTS) talabidan yuqori darajada
samaradorlikka erishish majburiyati
belgilab qo`yilgan.
Ixtisoslashtirilgan sinflarga darslarni yanada
chuqur o`rgatishni ko`zda turgan xolda bunday sinflarga faqat 1- va oliy malaka
toifa sertifikatiga ega o`qituvchargina dars berishadi.
Ushbu darslarga davlat tomonidan boshqa darslarga
qaraganda 20 % qo`shimcha ustama haqi to`lanadi.
IDUMI o`quvchilari 5-sinfdan imtixon asosida
saralanib olinadi, bu imtixonlar DTM tomonidan o`tkaziladi.
Yillik baho bo`yicha 3 ta fandan qoniqarli (“3”)
baho olgan o`quvchilar IDUMI safidan chiqarilib, o`z xududidagi maktablarga
jo`natiladi va o`rniga qayta imtixon asosida boshqa o`quvchi qabul qilinadi.
O`quvchilar o`rtasida yuksak darajada raqobat
shakllantiriladi, qizig`i shundaki, har bir darsda ular raqobatchi bo`lishsada,
darsdan tashqarida esa bir birga ustozlardek bilgan narsalarini o`rgatishib
yordam berishadi.
IDUMI
o`quvchilari hurmatni saqlagan xolda o`zlarini darsda va butun IDUMIda
juda erkin tutishadi, darslarda o`qituvchi bilan mavzularga doir muammoli
vaziyatlarni o`ta faollik bilan hal etishga o`z variantlarini ko`rsatadi,
xoxlagan vaziyat bo`yicha IDUMI direktori bilan ham tortinmasdan murojaat qila
oladi, bu esa o`quvchilarning mustaqil fikrlashlarini kuchaytirish uchun
qo`llanilgan muhitning samarasidir.
Maktab-internat o`quvchilari tanlov va
musobaqalarda eng yuqori darajada tayyorgarlik ko`rib, IDUMI sharafini himoya
qilish burchi deya his etishadi.
IDUMI o`quvchilari o`z o`zlarini boshqarishi yaxshi
yo`lga qo`yiladi, mabodo biror nojo`ya qilgan sinfdoshlarini sezsalar buni
o`zaro demokratik tarzda to`g`ri yo`lga sola oladilar. Bu esa
o`quvchilarda raxbarlik qobiliyatlarini
shakllanishiga sababchi bo`ladi.
IDUMI o`quvchilarini hech qanday komissiya cho`chitmaydi.
IDUMI oquvchilari madaniy va ma`rifiy ishlarda o`z
tengdoshlariga o`rnak bo`lib ko`rsatsa arziydigan bo`lib yurishga xarakat
qiladilar. Maktab-internatda belgilangan o`quvchilar kiyimi har bir o`quvchi
uchun fahr bo`lib qaraladi.
Ushbu o`quvchilar ilmni olishga doimo chanqoq
bo`lib yetishadilar va bu chanqoqlik hech qachon tugamaydigan bo`lib
bitiradilar.
IDUMIga kirish o`quvchilar uchun qanchalik sharaf
bo`lsa, undan chiqish shunchalar qayg`uli xolat deya bilishadi.
IDUMIda yotoqda yotib o`qiganligi bois bu yerdagi
o`quvchilar mustaqil qaror qabul qilish va kundalik xayotda o`zini boshqarishga
o`rganib yetishadilar.
Va nixoyat haftalik sarf xarajatlarini o`zi idora
qilib, tejamkorlikka ham o`z o`zidan o`rganadilar.
IDUMIni bitiruvchi o`quvchilar Oliy o`quv
yurtlariga nafaqat kirishni, balki eng
yuqori o`rinlarda kirishni maqsad qilib qo`yadilar.
Nixoyat yozganlarimga xulosa qilmoqchiman. Ushbu mavzu
haqida har kimning oz shaxsiy qarashlari bo`lib, yuqoridagilar mening shaxsiy
tahlillarim natijasi, deya qabul qilinsa
bo`ladi. Men so`zlarimga xulosa qilib shuni aytmoqchimanki, ixtisoslashtirilgan
maktab-internatlar o`quvchilar istedodlari, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishda
hukumatimiz tomonidan o`ta puxta o`ylab tashkil qilingan, mustaqil
O`zbekistonning ertangi kelajagi egalarini yetishtirishga xizmat qiluvchi, buni
o`zlri uchun sharaf deb biluvchi umumiy o`rta ta`lim maktablaridir.