16-yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi xalq ta`limi vaziri Ulug`bek
Inoyatov bilan vazirlik saytida online muloqot tashkil etildi. Bugun shu muloqot haqida
fikrlarimni o`rtoqlashmoqchiman.
Bu muloqotni kun.uz saytida bir soat
oldin o`qidim, yaxshiyam bir soat kech eshitmaganim.
Muloqot soat 10:00 dan 12:00 gacha qilib belgilandi.
Soat 10:03 da vazirlik saytining forum bo`limida “Vazirimiz siz bilan
suhbatga tayyor” degan moderator e`loni chiqdi. Vazirga savol yoki taklifni
forumning o`zida yoki e-mail orqali berish mumkinligi ko`rsatilgan edi. Afsuski,
o`sha vaqtda forumga a`zolik parolim esimga tushmadi (bu, mazkur saytga “ko`p”
tashrif buyurganim sharofati :). Shundan song e-mailim orqali taklifimni
yuborishga kirishdim.
Taklifimni ancha oldin my.gov.uz
portali orqali xalq ta`limi vazirligiga yuborgan va bu haqda blogpost yozgan
edim…
e-mailimdan taklifni yubordim:
“Assalomu alaykum hurmatli vazir janoblari.
Men O`zbekiston tumanidan murojaat qilmoqdaman. 2 ta savolim bor edi.
1)”Yilning eng yaxshi fan o`qituvchisi” ko`rik-tanlovi shartida pedagogning
bilim saviyasini tekshiruvchi birorta ham shart yo`q. uning o`rniga video
tasvirga tushirib yasama dars tayyorlash buyurilgan. Bu o`qituvchilarga moddiy
va ma`naviy qiyinchilik tug`dirmoqda. Shuning o`rniga yuqoridagi kabi test yoki
yozma ish qo`yilsa bo`lmaydimi?
2) 9-sinflar fan olimpiadasini Bilimlar Bellashuviga qo`shib Respublika
bosqichiniyam o`tkazilsa, bilim sifatiga yaxshi ta`sir ko`rsatardi, shu
masalaga nima deysiz? ”
Yozganlarim aslida taklif edi, men shaxsan vazirning ushbu taklifga
o`z fikrini bilish maqsadida savol ko`rinishda bergan edim.
E-maildan jo`natgach, 15 minut kutdim, forumga qo`yilmadi. Shundan
so`ng e-maildan qayta yubordim. Soat esa 11 dan o`tmoqda. Shundan so`ng vazir
kabinetidagi e-mailga javobgar shaxs umrida buncha ko`p sms olmaganidan gangib
qoldiyov deya, noiloj saytning forumidan yozish uchun qayta registratsiyadan
o`tishga tushdim, sayt esa aksiga olib rosa
qotib ishladi, ishni yakunlagach, 3 marta qayta jonatib soat 11-38 da savolim
forumga chiqishiga erishdim hamda javobini kuta boshadim…
Navbat yetgach, mening taklifimga
my.gov.uz da qanday javob berishgan bo`lsa, o`sha mazmunda ishchi guruh
takliflarni yig`moqda, sizning taklifingiz ham inobatga olinadi, degan umumiy
javob oldim. Bu javobni kim aytganini taxmin qilib qo`yaqoldim…
Online muloqotda 1-marta qatnashdim, forumda va boshqa ijtimoiy
tarmoqlarda ta`kidlashlaricha O`zbekistonda shaxsan vazirning o`zi online
muloqot tashkil qilishi ham birinchisi ekan, buning uchun vazirimizga shaxsan
minnatdorchilik bildirish lozim!
Ushbu muloqotda berigan savollar va javoblarni o`qib, ko`plab bilmagan
narsalarimga javob oldim. Suhbat juda demokratik ruhda o`tganligi tahsinga
loyiq, buni u yerda berilgan savollardan ko`rish mumkin edi. Masalan, quyidagi
savollar mening e`tiborimni tortdi:
Sharifa opa savoli, 1-sinf o`quvchilari bir sinfda nechta bo`lishi
kerak? Qaror bo`yicha 35 tagacha borishi mumkinligi ta`kidlandi. 1-sinfda 35 ta
oquvchi, menimcha, juda ham ko`p. Lekin ba`zi maktablarda bundan ham ko`p
bo`lganligini ko`rdik. Boshlang`ich sinf o`qituvhisiga sabr tilayman.
E-mail orqali kelgan bir savolda maktab direktorlari tomonidan
tanish-bilishlarini ishga qabul qilish, attestatlarni sotish, poraxo`rlik
avjiga chiqqani va bunga qarshi vazirlik nima qilayotganligi so`raldi. Savol
egasiga qayerga qanday murojaat qilish kerakligi to`g`risida tushuntirish
berishdi.
“Muhabbat1983”: matematika darsliklari umuman talabga javob bermaydi,
sifatli qog`ozga kim javob beradi, byudjetning, biz ota onalarning puli
kuyyapti? Bunga darsliklar bosqichma bosqich tanlov asosida qayta tuzilganini,
ular DTSga javob berihini takidlashdi, xullas borimiz shu, degan javob olgandek
bo`ldim.
Maktablarda har yilgi metallolom yig`ish an’anasi haqida e-maildan
savol yuborishdi. Mana bu savol judayam dolzarb edi, buni “ko`rmabmiz” deb bahona
qilmay, forumga qo`yganliklarini olqishladim. Xullas, shaxsan vazirimiz
vazirlik nizomi va “Bola huquqlari to`g`risida”gi xalqaro Konvensiyaga ko`ra
o`quvchilar vazifasi faqatgina o`qish, metallolom yig`ish emasligini isbotlab
berdilar. Qiziq, ko`pchilik maktab o`quvchilarining metallolom yig`ishiga shu
darajada o`rganib ketishganki, ushbu javob, menimcha, yangilik bo`ldi o`sha
ko`pchilikkka))
“Maksim Nikolayevich” nikli foydalanuvchi online muloqotga xuddi
yonida birorta o`rtog`i bilan chatda gaplashgandek kirishib ketdi. Juda ko`plab
savollar berdi, bir martasida, barcha savollarga shaxsan o`ziz javob
beryapsizmi, degan murojaatiga vazirimiz to`g`risini aytdiyam-da, “barcha
savollarga butun jamoam bilan birgalikda o`tirib javob beryapmiz”, dedi.
To`g`ri-da, yuzlab savollarga, ayniqsa, javob berish uchun aniq faktlar talab
qilinuvchi tomdan tarasha tushgandek turli xil savollarga butun jamoa oyoqqa
turishi tabiiy, haqiqatan ham bir kishi ulgurmasligi tayin. Shundan keyin anavi
Maksim deganlari nima deydi deng, “unda saytda noto`g`ri yozishibdide, “Xalq
ta`lim vaziri butun jamoasi bilan!” deb o`zgartirib qo`yishsin”, deydi, juda
bunaqa emas-da endi, sinfdoshing bilan gaplashib o`tirganing yo`qku, davlat
ahamiyatidagi mansabdor bilan davlat ahamiyatidagi masalalar forumidasan! Forum
ishtirokchisi madaniyatini ko`rib xijolat bo`lib ketdim.
Online muloqotni ko`chilik kuzatib savol javoblar qizib turganda, biz
ham quruq qolmaylik, qabilida ilmoqli savollari bilan “Ozodlik” sayti ham ishtirok
etdi. Senlar kam eding, tinchgina o`tirovdik, dedim. Dastlab o`qituvchilarga
qo`g`ozbozlik ko`payib ketganligi haqida savol berdi, javob sifatida
2010-yillardagi 18 ta turli daftarlar qisqartirilib, bugungi kunda
o`quv-tarbiya jarayoniga taalluqli bo`lgan 6 ta hujjat: yillik ish reja,
tarbiyaviy ish reja (faqat sinf rahbari qiladi), taqvim-mavzu reja, dars
ishlanmasi (konspekt), dars kuzatish daftari, sinf jurnalini yuritishi
belgilangan xolos, deya olishdi. Bu ma`lumot ham men uchun yaxshi ma`lumot
bo`ldi, chunki afsuski hozirgi kunda direktor va O`IBDO` (zavuch)larga ushbu
ma`lumotlar yetib kelmagan ko`rinadi.
Keying savol esa juda ko`pirtirilganligi ko`rinib qoldi, maktablarda
boyning bolasi va kambag`alning bolasiligiga qarab o`qituvchilar muomala
qiladi, bunga qanday chora ko`rilyapti emish. Vazir har bir so`zdan ilmoq kutib
turgan savol egalariga, atroflicha tushuntirib qo`ydi.
Ba`zi savol egalarining
so`zlaridan, to`grisi, mening ham ensam qotdi, Vazirimizga sabr bersine, bir
opamiz Vazirdan audioertak so`rab qolsa boladimi, “qayerdan topay”, deb. Hoy
yaxshilar, sizlar “spravochniy byuro”ga yoki “internet qiroli”ga murojaat
qilayotganlaring yo`q, yelkasida butun O`zbekiston xalq ta`limini ko`tarib
turgan VAZIR (Ministr!)ga savol beryapsiz, endi sal insof bilan-da, yana bir
akamiz (hamkasb ham ekanmiz, matematik-informatik) ham rosa
bopladilar. Xullas, “kompyuter xonaga qaraganim uchun 0,5 stavka ustama pul
kimga beriladi”, deb savol berdilar. “Falon qarorga ko`ra sizga yozib
berishlari mumkin”, degan javobni olgach, birpas turib nima deydi, “men unda
kimga aytay yozib beringlar, deb, direktorgami?”- desa bo`ladimi. “Maktab
qorovuliga” degani odam yo`q )).
Muloqot 2 Soatga mo`ljallangani, ammo vaqt tugash arafasida savollar
ko`pligini ko`rib yana bir soat qo`shilgani foydalanuvchilarning minnatdor
bo`lishiga sabab bo`ldi.
Muloqot tugagach, baribir ba`zi savollarga javob berilmay qolganligini
ko`rdim. Balki ularga shaxsiy xabarlar orqali javob berishgandir, chunki
xayrlashuv chog`ida shu kabi so`zlar bilan xayrlashdi U.Inoyatov.
Lekin qolib ketgan savollar ham javobi meni qiziqtirardi. Mana ulardan
biri, “Adiba” nikli foydalanuvchi quyidagicha savoli javobsiz qoldi: Ta`limda
o`z sohasiga qiziqmagan pedagoglar faoliyat yurityapti, bu esa ta`lim sifati
pasayishiga olib kelmoqda. Ushbu muammo yechimi bo`yicha Vazirlikda qanday
ishlar qilinmoqda?:
Mana bu savol javobi esa aynan
menga juda zarur edi, chunki maktab internatimizda Respublika Bilimlar
bellashuvi g`oliblari bo`lib, ular oylik badal pulini to`lab yurishibdi,
afsuski bu savol ham e`tiborsiz qoldirildi… :
Savol: Xalqaro va Respublika tanlovlarining g`oliblari badal
to`lovlaridan qaysi oydan boshlab ozod etiladi, o`quvchi aprel oyida
g`oliblikni qo`lga kiritgan bo`lsa-chi?
Xulosa qilib aytmoqchimanki, bizning vazirimiz boshqa yuqori
lavozimdagi hamkasblariga o`rnak bo`luvchi ulkan ish boshladi, demokratik
davlat qurayotgan ayni davrimizda mana shunday to`g`ridan to`g`ri muloqotning
ahamiyati katta, yuqori mansabdagi kishilarni oddiy kundalik hayotni real
ko`rishiga to`sqinliksiz, filtrsiz imkon yaratib beradi. Eng asosiysi,
odamlarni yuqori mansabdor kishi haqida mehrini kuchayishiga, huquqiy bilim ko`nikmasi
oshishiga olib keladi.
Yana bir taklifim shuki, texnologoya rivojlangani sari onlayn muloqot osonlasha boradi, kelgusi muloqotlarni Skayp va shunga oxshash videomunozara tarzida o`tkazilsa yanada yaxshi bo`ladi.
Yana bir taklifim shuki, texnologoya rivojlangani sari onlayn muloqot osonlasha boradi, kelgusi muloqotlarni Skayp va shunga oxshash videomunozara tarzida o`tkazilsa yanada yaxshi bo`ladi.
Rahmat sizga Ulug`bek
Ilyasovich Inoyatov!
Комментариев нет:
Отправить комментарий